Breaking News

"Musulmon birodarlar" dan bir nomzodga nazar


"Musulmon birodarlar" harakati asos solgan "Ozodlik va adolat" partiyasidan nomzod Amir Zaki
"Musulmon birodarlar" harakati asos solgan "Ozodlik va adolat" partiyasidan nomzod Amir Zaki

Misrda inqilobdan so'ng ilk parlament saylovlari o'tar ekan, sobiq prezident Husni Muborak paytida taqiqlangan "Musulmon birodarlar" harakati siyosiy Olimpga ko'tarilishi aytilmoqda. Ammo bu harakatga munosabat turlicha. Xorijda uni o'ta radikal deb bilishadi. Amerika Ovozining Qohiradagi muxbiri Elizabet Errot poygada "birodarlar"dan qatnashayotgan bir nomzodning saylov kampaniyasini yaqinda kuzatdi.

Uning ismi Amir Zaki. Yaxshi notiq, islom haqida chuqur bilimga ega. Tashviqot ishlarini dinga asoslanib olib bordi. Xoh siyosiy, xoh iqtisodiy, xoh ijtimoiy masalalar bo'lsin, javobni islomdan qidirish kerak, deydi u.

"Dinimiz hayotning barcha jabhalarini o'z ichiga olgan", - deydi "Musulmon birodarlar" harakatidan nomzod bu odam.

Ayrimlar uning gapiga qo'shiladi, lekin boshqalar nazarida harakat ayollar va diniy ozchilikdagi guruhlar huquqlarini cheklaydi.

Zaki saylovchilar bilan muloqot chog'ida ayollarga ham, boshqa din vakillariga ham murojaat etib, cherkovga munosabatimiz ijobiy, masjidday gap, deydi.

U kampaniyani yoritayotgan xorijiy jurnalistlarga ingliz tilida murojaat qiladi.

"Misrda hokimiyat islomiy kuchlar qo'liga o'tadi, degan G'arb xavotiri asossiz ekanini, ilg'or davlat qura olishimizni isbotlaymiz", - deydi u.

Zaki qurilish sohasida ishlaydi, xorijda biznesi bor, o'rta sinf vakili. Uylar, sanoat markazlari, kasalxonalar quramiz, deydi. Saylovchilarga bu gaplar yoqadi. Qilayotgan ishlarimiz dinga zid bo'lmasa bo'lgani, deydi u.

Ingliz tili o'qituvchisi Voil Lofti "Musulmon birodarlar"ni qo'llab-quvvatlaydi.

"Ular juda ham mo'tadil. Jamiyatdagi barcha guruhlar bilan ishlashga tayyor. Dasturlari yaxshi", - deydi u.

Ammo hokimiyatga kelgach ham shunday bo'lishadimi, degan savol ayrimlarni qiynaydi. Siyosiy tahlilchi Hisham Qosim boshini chayqaydi.

"Husni Muborakka muxolif kuchlar o'tmishda "Musulmon birodarlar"ga ishonmagan. Chunki ular o'z so'zida turmasdi. Boshqaruvni qo'lga olsa, siyosati o'zgaradi, muomalasi ham", - deydi Qosim.

Muxolif guruhlar "Musulmon birodarlar"ni mamlakatni vaqtincha boshqarayotgan harbiy kengash bilan til biriktirganlikda, inqilob g'oyalariga xiyonat qilganlikda ayblab, ularni opportunist deb ataydi. Deputatlikka nomzod Amir Zaki ayblovlarni rad etadi.

"Armiya va bizning o'rtamizda hech qanday aloqa yo'q. Bularning barchasi yolg'on", - deydi u.

Namoyishchilar harbiylardan hokimiyatni zudlik bilan topshirishni talab qilar ekan, chiqishlarning so'nggi bosqichlarida "birodarlar" ularga qo'shilmadi.

"Ammo ulardan yuz o'girganimiz yo'q. Harakatlari zoye ketmaydi", - deydi Zaki.

Tahlilchi Qosimning aytishicha, harakat ko'p va'dalar bergani bilan saylovlarda g'alaba qozona olmasligi mumkin.

"Ular qoniqarli natija ko'rsatadi, deb o'ylamayman. Parlamentda ko'p o'ringa ega bo'lishadiyu, lekin hukumat tuzish imkonini beruvchi ko'pchilikni qo'lga kirita olishmaydi, boshqalar esa ular bilan koalitsiyaga kirishishni istamaydi", - deydi Qosim.

Biroq har ikkisi saylovlarni Misr kelajagi uchun muhim deb biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG