Musulmon Birodarlar yetakchilarini hibsga olishga buyruq berildi

  • Amerika Ovozi

Misr bosh prokuraturasi Musulmon Birodarlar yetakchilarini hibsga olishga ko’rsatma bergan. Partiyaning oliy peshvosi Muhammad Badiya, uning muovini va yana sakkiz kishi qamoqqa olinishi kutilmoqda.

Ular dushanba kungi olishuvlar ortida turganlikda, zo’ravonlikka turtki berganlikda ayblanmoqda. Birodarlar matbuot kotibi Gehad al-Haddad buni tanish eski siyosat deya tanqid qilmoqda. Haddadning o’zi xoinlikda ayblanayapti.

Shu bilan birga, Misrning yangi tayinlangan muvaqqat bosh vaziri Hazim al-Biblaviy bugun Vazirlar Mahkamasini tuzishga kirishadi. Rejaga ko’ra, Musulmon Birodarlar va Islomiy Nur partiyalariga ham unga kirish taklif qilinadi. Bundan tashqari, vaqtli rahbarlar konstitutsiyaga tuzatishlar kiritib, yangi parlament va prezident saylovlariga tayyorgarlik ko’rishi kerak.

Harbiylar prezident Muhammad Mursiyni hukumatdan ag’dargach, davlat tepasiga kelgan muvaqqat prezident Adli Mansurning ushbu rejalari Musulmon Birodarlar, liberal qarashdagi guruhlar va Tamarud yoshlar harakatiga ma’qul emas. Biz bilan maslahat qilinmadi, deya norozi ular. Barchasi o’z tashabbusi bilan chiqish niyatida.

Bundan tashqari, Musulmon Birodarlar muvaqqat hukumatni tan olishdan bosh tortib, Mursiy lavozimida qayta tiklanishi kerak, deydi. Sobiq rahbarga sodiq partiya yangi ma’muriyatga qo’shilmoqchi emas.

Davlat departamenti matbuot kotibi Jennifer Psaki so’zlariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Musulmon Birodarlar bilan muntazam muloqotda va partiyani siyosiy jarayonga bosh qo’shishga chorlayapti.

Psakining aytishicha, Obama ma’muriyati saylovlar o’tkazish haqidagi rejadan mamnun. Misrdagi barcha guruhlar fikri inobatga olinishi kerak, deydi u.

Mursiyning hukumatdan ag’darilishi davlat to’ntarishimidi yoki yo’q – Vashington hali voqealarni o’rganmoqda va bir to’xtamga kelmagan. Xulosa Amerikaning Misrga tashqi yordamiga ta’sir qilishi mumkin.

Misr yangi bosh vaziri iqtisodchi, mamlakat sobiq moliya vaziri. Liberal qarashlari bilan tanilgan arbob, tinchlik uchun Nobel mukofoti sohibi Muhammad al-Barodiy vitse-prezident etib tayinlandi.

Shuningdek, kecha Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni Misrga milliardlab dollar yordam ajratishga va’da berdi. Bu orada, harbiylar va Musulmon Birodarlar dushanba kungi qonli olishuvlarda bir-birini ayblashda davom etayapti. To’qnashuvlar kamida 51 odamni hayotdan olib ketgan.

Birodarlar so’zlariga ko’ra, armiya Mursiyga xayrixoh odamlarga qarata o’t ochgan. Harbiylar esa terrorchilar armiyaning Qohiradagi qarorgohiga bostirib kirishga uringach, o’zimizni mudofaa qilish uchun o’q uzishga majbur bo’ldik, deydi.

AQSh ma’murlari Misr xavfsizlik kuchlarini Mursiy tarafdorlariga nisbatan bosiqlik bilan muomala qilishga da’vat etayapti. Oq uy dushanba kungi voqealarni qoralashga shoshmasdan, bo’lib o’tgan hodisalar tergov ostida, demoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG