Muborakdan keyin ilk bor Misrda parlament saylovlari

  • Amerika Ovozi

Muborakdan keyin ilk bor Misrda parlament saylovlari

Muborakdan keyin ilk bor Misrda parlament saylovlari

Misrda fevralda 30 yillik rahbar Husni Muborak hokimiyatdan ag’darilganidan beri ilk bor xalq bugun parlamentga ovoz bermoqda. Saylov uchastkalari ochilmasidanoq odamlar navbatga tura boshlagan. Minglab mahalliy sudyalar jarayonni kuzatmoqda.

Fuqaro shuning uchun kurashgan edi. Saylov natijasini oldindan aytib bo’lmaydi, bahs adolatli kechishi kerak.

Misrning 27 viloyati uchga bo’linib, ketma-ket ovoz beradi va protsess yanvar boshida yakunlanadi. Quyi palata masalasi hal bo’lgach, fuqarolar so’ng martgacha yuqori palatani saylaydi. Ana undan keyin parlament yangi konstitutsiyani yozishga o’tiradi.

1950-yildan beri taqiqqa uchrab kelgan Musulmon Birodarlar harakati eng ko’p ovoz to’plab, boshqaruvda hal qiluvchi rol o’ynashi kutilmoqda.

Lekin uzoq yillardan beri hukmron harbiylar saylov tizimini o’ziga moslab olgan va bu galgi natijalar ham xolis bo’lmaydi, degan xavotir bor. Generallar oldindan ogohlantirib qo’ygan – yangi parlament harbiylar tayinlagan vazirlar mahkamasini tarqata olmaydi.

Feldmarshal Husayn Tantaviy armiyani himoya qilar ekan, kechagi chiqishida “qurolli kuchlar roli avvalgiday bo’lib qolaveradi” dedi. Yangi konstitutsiya qabul qilinganidan so’ng ham.

Tantaviyning aytishicha, siyosiy tanazzil va qonli to’qnashuvlar zudlik bilan bas qilinmasa, oqibati o’ta ayanchli bo’ladi. So’nggi olishuvlar 42 kishini hayotdan olib ketib, 3000 dan ziyod fuqaro jarohatlangan. Xalq kelajakdan tashvishda. Isyon ko’tarayotgan yoshlar nazarida davlatni generallar emas, Muhammad al-Barodiy vaqtincha boshqarishi lozim.

Rejaga ko’ra, 2012-yilning iyuliga qadar Misrda prezident saylovlari o’tib, harbiylar davlat tizginini yangi saylangan rahbarga topshirishi kerak.

Misrlik talaba qiz Habiba Husayniy namoyishlar kuch bilan bostirilayotganidan norozi. Biroq maqsad harbiylarni haydash bo’lmasligi kerak, deb hisoblaydi u.

“Biz, Misr ahli juda notinch zamonda yashayapmiz. Iqtisodiyot barbod bo’lgan. Namoyishchilar faqat to’polon bilan band bo’lmay, iqtisodiyot, turizm kabilarga e’tiborni oshirishi lozim”, - deydi student.

Qohirada Amerika Universiteti domlasi, siyosatshunoslik bo’yicha professor Said Sodiq nazarida yurt notinch bo’lib turgan paytda ko’plar qurolli kuchlarni tinchlik kafolatchisi, deb biladi.

“Armiya o’rta sinf vakillaridan iborat. Ular ham tinchlikdan manfaatdor”, - deydi muallim.

Lekin Tahrir maydonidagi olishuvlar sababchisi faqat fuqaro-armiya ziddiyati emas. Said Sodiq g’alayonni avj oldirayotgan dindor siyosatchilar, deydi.

“Siyosiy islom haqiqiy islom emas. Ayyor siyosat arboblari dinni ro’kach qilib, o’zining g’alamis maqsadlariga erishmoqchi. Bu shaxslar kambag’al va boy, qishloq va shahar ahli o’rtasidagi farqqa urg’u bermoqda”, - deya norozi Qohiradagi Amerika Universiteti professori Said Sodiq.

Oddiy fuqaro, savdo ahli fikricha ham Misr mash’um, qora kunlar domiga tortilmoqda. Ishchi qatlam, aksariyat aholi esa sukut saqlashni ma’qul topmoqda, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG