Breaking News

Misrda muxolifat hukumat taklifini rad etib, namoyishlarni davom ettirmoqda


Misr vitse-prezidenti muxolifat bilan muloqotda
Misr vitse-prezidenti muxolifat bilan muloqotda

Hukumat huquqshunoslar va siyosiy arboblardan iborat komissiya tuzib, konsitutsion islohotlarni ko'rib chiqishni taklif qilmoqda.

Misrda 14 kundan beri ommaviy namoyishlar o'tmoqda. Muxolifat prezident Husni Muborak iste'fosini talab qilishda davom etyapti. Hukumat ba'zi masalalar bo'yicha siyosiy murosa taklif etishiga qaramay, namoyishchilar shashtidan qaytgani yo'q. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga ko'ra, Misrdagi to'qnashuvlarda shu kunga qadar 300 dan ziyod kishi o'lgan.

Yakshanba kuni Misrdagi asosiy muxolif harakat "Musulmon birodarlar" va boshqa guruh vakillari vitse-prezident Umar Sulaymon bilan uchrashib, hukumat takliflarini rad etgan. Shunga qaramay uchrashuv so'nggi ikki haftadan beri ilk jiddiy muloqot ekani bilan ahamiyatlidir.

"Musulmon birodarlar" so'zlovchisi Isam al-Ariyanning aytishicha, prezident Muborak o'jarlikni tashlab, hafta oxirigacha iste'fo berishi lozim.

"Aks holda namoyishlar yanada kuchayadi", - deydi u.

Misr hukumatining muxolifatga taklifi shundan iboratki, huquqshunoslar va siyosiy arboblardan iborat komissiya tuzilib, konsitutsion islohotlar ko'rib chiqiladi, toki prezident saylovlarida nomzodlar soni oshirilsin. Biroq muxolifat bu takliflarni rad etgan.



Vitse-prezident Umar Sulaymon namoyishchilarning barcha talablari qondiriladi, ammo prezident, ular istaganidek, hokimiyatdan tez ketmaydi, demoqda.

"Mamlakatda anarxiyaga yo'l qo'ya olmaymiz. Prezidentning o'rnini bosa oladigan odam yo'q hozircha. Muxolifat buni anglab yetishi lozim. Husni Muborak hokimiyatdan qachon ketishini aniq bildirdi. Bundan ortig'iga ko'na olmaymiz", - deydi vitse-prezident.

BMTning Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarmasi sobiq rahbari, yaqinda mamlakatga qaytgan misrlik arbob Muhammad al-Barodiy namoyishchilarni qo'llab-quvvatlamoqda. Barodiy vitse-prezident bilan uchrashuvda ishtirok etmagan.

Uning aytishicha, hukumat va muxolifat o'rtasida norozilik dovoni mavjud.

"Hukumat avvaliga murosa qilib, so'ng muxolifatga zarba beradi, degan qo'rquvlar yo'q emas", - deydi u.

Namoyishchilar asosiy talabi qondirilmaguncha poytaxt Qohiradagi Tahrir maydonini tark etmoqchi emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG