Misrda namoyishlarning yangi to'lqini

  • Amerika Ovozi

Qohirada bugun ommaviy norozilik namoyishlari qayta avj oldi. Hokimiyatdan chetlatilgan prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari va unga qarshilar ko'chada.

Mursiyning “Musulmon Birodarlar” harakati a'zolari muvaqqat hukumatga qarshi chiqib, uning hokimiyatga qaytarilishini talab qilmoqda.

Partiya yangi rahbarlarga bosim ko’rsatishda davom etmoqchi. Zo’ravonlikni qoralab, demokratik yo’l bilan o’zgarishga erishish mumkin, deydi harakat a'zolari.

AQSh nazarida “Musulmon Birodarlar” yetakchilarini hibsga olish haqidagi qaror noqonuniydir.

Davlat departamenti so'zlovchisi Jen Psaki siyosiy sabablar bilan qamash amaliyoti to’xtatilmasa, Misr olg’a yura olmaydi, deydi.

Mamlakat bosh prokuraturasi “Musulmon Birodarlar” rahbari Muhammad Badiy va uning bir necha safdoshini dushanba kungi zo’ravonliklarda ayblab, hibsga olishni buyurdi. Mursiy tarafdorlari armiya bilan to’qnashganida 51 odam halok bo’lgan edi.

Prezident Mursiy o’tgan hafta harbiylar tomonidan hokimiyatdan chetlashtirildi.

AQSh bu voqeani harbiy to’ntarish deya baholamagan. Muvaqqat hukumatga barcha taraflar va siyosiy guruhlar kirishi kerak, Vashington hech bir guruh yoki siyosiy arbob tarafini olmaydi, deydi rasmiylar.

Gap shundaki, agar Misrdagi o'zgarish harbiy to’ntarish deb tan olinsa, AQSh mamlakatga ajratilayotgan nogumanitar yordamni to’xtatishga majbur bo’ladi.

Hozircha Vashington Misrga F-16 rusumidagi to’rtta qiruvchi samolyotni yetkazish rejasidan qaytganicha yo’q. Bu vositalar 2010-yilgi shartnomaga ko’ra, joriy yilning avgustida yetkazilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG