Misrda yangi konstitutsiya bo'yicha referendum yanvar o'rtasiga belgilandi

  • Amerika Ovozi

Misr muvaqqat prezidenti Odil Mansur yangi konstitutsiya loyihasi ustida ishlagan guruh a'zolariga murojaat qilmoqda, Qohira, 14-dekabr, 2013-yil

Misr muvaqqat prezidenti Odil Mansur yangi konstitutsiya loyihasi ustida ishlagan guruh a'zolariga murojaat qilmoqda, Qohira, 14-dekabr, 2013-yil

Misr muvaqqat prezidenti Odil Mansur yangi konstitutsiya bo’yicha referendumni 14 va 15-yanvar kunlariga belgiladi. Iyul oyida mamlakat prezidenti Muhammad Mursiy hokimiyatdan chetlatilganidan so’ng uning tarafdorlari ishlab chiqqan konstitutsiya matniga jiddiy tuzatishlar kiritildi.

Yangi konstitutsiya 50 nafar mutaxassisdan iborat komissiya tomonidan tayyorlandi. Mamlakatning diniy, siyosiy va harbiy rahbarlari ish yakunida guruhni qarsaklar bilan olqishladi.

Komissiyaga rahbarlik qilgan Arab Ligasining sobiq bosh kotibi, Misr sobiq tashqi ishlar vaziri Amir Musaning aytishicha, hujjatning hozirgi ko’rinishi eng mukammali bo’lib, barcha fuqarolar tenghuquqligini ta’minlaydi.

"Bu konstitutsiya Misr va uning xalqiga yorqin kelajakka yo’l ko’rsatadi. Unda islom davlat dini, arab tili davlat tili va shariat adolat poydevori etib kafolatlangan", - deydi Musa.

Komissiya raisining ta’kidlashicha, yangi konstitutsiya nafaqat o’zga dindagi misrliklarni, balki ayollar va bolalarni ham teng huquqlar bilan ta’minlab, kamsitish hollarini jinoyatga tenglashtiradi.

Bosh qomus loyihasiga ko’ra, Misrda dunyoviy tuzum saqlab qolinadi. Bir vaqtning o’zida Oliy Konstitutsion sudga raislik qiluvchi muvaqqat prezident Odil Mansur televideniye orqali referendum kunlarini e’lon qilib, xalqni unda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Misrni 30 yildan ortiq boshqargan Husni Muborak 2011-yil inqilobi natijasida hokimiyatdan ag’darilgach, yangi konstitutsiya qabul qilingan edi, ammo bir yil ham amal qilmadi. Mursiy konstitutsiyasi tanqidchilariga ko’ra, unda fuqarolar huquqlari teng ta’minlanmagan bo’lib, uni tayyorlashda komissiyaning liberal va nasroniy a’zolarining fikrlari inobatga olinmagan edi.

Shunga qaramay hujjat ovozga qo’yilib, uni referendumda qatnashganlarning 64 foizi yoqlab chiqdi.

Shundan so’ng harbiylar Mursiyni ishdan olib, unga qarshi jinoiy ish ochdi va yangi konstitutsiya ustida ish boshlandi. Mursiy ustidan sud 8-yanvarda boshlanadi.

Prezident Mansurning aytishicha, bu galgi bosh qomus erkinlik va demokratiya kabi oliy tamoyillarni himoya qiladi va mamlakat kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

“Musulmon birodarlar” harakati va Mursiy tarafdorlari yangi konstitutsiyaga qarshi chiqib, sobiq rahbarni ozod etishni talab qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG