Misrda hukumat tazyiqi kuchayib bormoqda

  • Amerika Ovozi

Qohira

Qohira

Misr so’nggi kunlarda yana zo’ravonlik domiga tortilmoqda. Mamlakat bo’ylab xavfsizlik kuchlariga hujumlar ko’paydi, to’qnashuvlarda kamida 50 odam halok bo’lgan. Ayrimlar bu holatni harbiylar tomonidan amalga oshirilgan davlat to’ntarishiga qarshi munosib javob sifatida ko’rmoqda.
Misr yana beqarorlik domida. Bir tomondan, xavfsizlik kuchlariga hujumlar soni oshgan. Ikkinchi tomondan, politsiya va namoyishchilar o’rtasida to’qnashuvar davom etmoqda. Tahlilchilar vaziyatning yanada yomonlashishidan xavotirda.

“Zug’um o’tkazishdan foyda yo’q. Bunday chora ish bermaydi. Bu hukumatning kalondimog’ligidan dalolat”, - deydi Misrdagi Amerika universiteti professori Emad Shahin.

Unga ko’ra, ko’pchilikning qo’llab-quvvatloviga ega harbiylar azaliy dushmanlariga yana bir bor o’z kuchini ko’rsatib qo’ymoqchi.

“Ular Mursiy hukmronligiga qarshi xalqni qo’zg’ab,”Musulmon birodarlar” jinoyatchilarga chiqarilgan bir paytdan unumli foydalanib qolishga urinmoqda”, - deydi tahlilchi.

Harbiylar “terrorga qarshi kurash” shiori ostida qurollangan jangarilar bilan bir qatorda tinch namoyishchilarni ham ta’qib qilmoqda. Jihodchi guruhlar, asosan, Sinay yarim orolida joylashgan. Aholi orasida ularni qo’llab-quvvatlovchilar kam bo’lsa-da, ular faollashib bormoqda.

“Al-Sharq” strategik tadqiqotlar markazi rahbari Mustafo Labbadning aytishicha, jihodchi guruhlarni nazoratga olish imkoniyati bor.

“Bizda fuqarolar urushi ketyapti, deb o’ylamayman. Aksincha, ixtilof bor va u oylab davom etishi mumkin. Lekin kuchlar muvozanatidagi ustunlik yaqqol harbiylar tomonida”, - deydi u.

2011-yilgi inqilob hayajoni hanuz bosilgani yo’q. Emad Shahin hukumatning osonlikcha norozilikni bostira olishiga ishonmaydi.

Hozircha ko’pchilik harbiylar harakatini qo’llab-qivvatlayotgandek. Ammo bu qachongacha davom etishi mumkin? Tahlilchi Labbad shu haqda gapiradi.

“Vaqt o’tib ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etish kerak bo’ladi. Harbiy yoki fuqaro bo’lasizmi, buning ahamiyati yo’q. Hokimiyatdamisiz, shu muammolarni hal etishingiz kerak”, - deydi u.

Bir guruh namoyishchini kuch bilan bostirish mumkindir, ammo butun xalq harakatiga qarshi kuch ishlatib bo’lmaydi, deydi tahlilchilar. 2011-yili inqilob yasab, prezidentni hokimiyatdan ag’dargan misrliklar istalgan payt yana bosh ko’tarishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG