Breaking News

Kuzatuvchilar: Misr ko'p qirrali tashqi siyosat yuritishi kerak


AQSh davlat kotibi Jon Kerri Qohirada Misr mudofaa vaziri general Abdul Fattoh al-Qissiy bilan uchrashmoqda, 3-noyabr, 2013-yil
AQSh davlat kotibi Jon Kerri Qohirada Misr mudofaa vaziri general Abdul Fattoh al-Qissiy bilan uchrashmoqda, 3-noyabr, 2013-yil
Qohiradagi muxbirimiz Elizabet Errotning xabar berishicha, Misrning AQSh bilan aloqalari sovuqlashgan bir paytda Rossiya tashqi ishlar va mudofaa vazirlari Qohiraga tashrif buyurgan. Ayrimlar nazarida Misr tashqi siyosatida burilish kuzatilmoqda. Bu ijobiy hol, deydi ular.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va mudofaa vaziri Sergey Shoygu ikki davlat o’rtasida iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik munosabatlarini kuchaytirishga umid qilmoqda.

Prezident Muhammad Mursiyning hokimiyatdan chetlatilganidan norozi Qo’shma Shtatlar bu mamlakatga harbiy yordamini to’xtatib, ko’p yillik ittifoqchisini ranjitgan ko’rinadi.

Natijada, deydi ayrim kuzatuvchilar, Qohira tashqi siyosatiga tuzatishlar kiritayotgan, eski ittifoqchisi Rossiyani eslagan bo’lishi mumkin.

Sovuq urush davrida Misr Sovet Ittifoqidan yirik miqdorda harbiy va iqtisodiy yordam olgan.

Misrlik ayrim faollar nazarida Qohira nafaqat Rossiya, balki Xitoy va boshqa davlatlar bilan ham yaqin aloqada bo’lishi lozim.

"“Tamarod” guruhi vakili Mai Vahbaning aytishicha, Misr hech bir tarafga og’ib ketmaydi. Kimki uni hurmat qilsa, hurmat topadi", - deydi faol.

Tahlilchilar AQSh bilan aloqani buzmaslik kerak, deydi. Chunki Qo’shma Shtatlar Qohira bilan aksil-terror amaliyotlarda, Sinay yarimorolida xavfsizlikni ta’minlashda yaqindan hamkorlik qiladi.

Eskpert Hisham Qosimning aytishicha, mamlakatda keragidan ortiq qurollar bor ekan, Rossiya bilan qurol savdosiga qaratilgan yangi bitimdan foyda yo’q.

"Agar shartnoma imzolansa, omborlar to’lib, qurol zanglab yotadi. Misr bu ishga qo’l urmaydi degan umiddaman", - deydi tahlilchi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, fuqarolik urushi bilan ovora Suriyadagi harbiy-dengiz bazasidan ayrilishdan cho'chiyotgan bo’layotgan Rossiya Misr bilan shunday bitim imzolamoqchi. Ammo Qosim bu ehtimolga ishonmaydi. Misrning eng yaqin ittifoqchisi Amerika undan harbiy-dengiz bazasini ololmagandan keyin Moskvaga yo’l bo’lsin, deydi u.

Misr rasmiylari ham strategik burilish haqidagi gaplarni inkor etmoqda.

Tashqi ishlar vaziri Nabil Fahmiyning aytishicha, Rossiya bilan haqiqatan munosabatlar ko’p yo’nalishlarda kengaymoqda, ammo Moskva bu borada hech kimning o’rnini egallayotgani yo’q.

Ko’p qirrali siyosat Misrga foydali, deydi tahlilchi Hisham Qosim.

"Misr diplomatik sahnada faol bo’lsa, bu AQSh va boshqalarga qo’l kelishi mumkin. Masalan, Suriya mojarosi tezroq hal bo’larmidi. O’zimizni bu masaladan chetda tutishni bas qilib, hissamizni qo’shishimiz kerak", - deydi u.

Ekspert nazarida Misr Yaqin Sharq va dunyo miqyosida aloqalarini kengaytirib yaxshilasa, yana muhim va foydali mintaqaviy o’yinchiga aylanadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG