Suvaysh kanali kengaydi, Misr ulkan foyda kutmoqda

  • Amerika Ovozi

Misrda Suvaysh kanalining kengaytirilgan loyihasi foydalanishga topshirildi. Prezident Abdul-Fattoh al-Sissi deydiki, bir necha yillik to’polonlardan aziyat chekkan mamlakat iqtisodiyotini ko’tarishda bu muhim ahamiyatga ega.

8,5 milliard dollarlik loyiha doirasida 193 kilometrli kanalning 72 kilometrida tozalash va qazish ishlari olib borildi. Shuningdek, ikkala tomonga ham qatnovni yo’lga qo’yish uchun asosiy kanalga parallel ravishda yana bir suv yo’li qurilgan.

Qurilish ishlari uch yil davom etishi taxmin qilingan edi, ammo al-Sissi uni bir yilda bitkazish haqida buyruq bergan. Hukumat hisob-kitobiga ko’ra, kanaldan keladigan yillik daromad 2023-yilgacha ikki barobar oshib, 13,2 milliard dollarga yetishi kerak.

Ammo iqtisodchilar va kema transporti mutaxassislari buncha daromad olib keladigan darajada qatnov bo’lishini savol ostiga olmoqda.

Al-Sissi 2013-yil Prezident Muhammad Mursiyni hokimiyatdan ag’dargandan beri o’z qudratini mustahkamlash maqsadida Misr iqtisodiyotini ko’tarishga bel bog’lagan. Bu harakatning markazida Suvaysh kanalini kengaytirish loyihasi turibdi.

Ismoiliya shahrida kanalning dabdabali ochilish marosimi o’tkazildi. Unda Prezident al-Sissi va ko'plab xorijlik rasmiylar ishtirok etdi.

Mehmonlar orasida Fransiya Prezidenti Fransua Olland, Iordaniya Qiroli Abdulloh, Bahrayn Qiroli Hamad bin Isa al-Xalifa, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos, Quvayt amiri Shayx Sabah al-Sabah hamda Gretsiya Bosh vaziri Aleksis Tsiprasni ko’rish mumkin edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG