Turkiya rahbari Misrdagi o'zgarishlarni qoraladi

  • Amerika Ovozi

Arab mamlakatlaridan farqli ravishda Turkiya rahbariyati Misr prezidenti Muhammad Mursiyning hokimiyatdan ag’darilishini qoralab chiqdi. Anqara Yaqin Sharqda ta’sirini kuchaytirish harakatida ekan, bu voqealarga salbiy qaraydi.

5-iyul kuni Turkiya bosh vaziri Misr harbiylarini prezidentni hokimiyatdan chetlashtirgani uchun, G’arbni esa ushbu hodisani davlat to’ntaruvi deya tamg’alamagani uchun tanqid qildi.

O’z mamlakati tarixiga ishora qilar ekan, Rajab Toyib Erdog’an harbiy isyonlarning salbiy oqibatlari haqida gapirdi:

“To’ntaruv bu yovuzlik. Odamlarga qarshi, demokratiya kelajagiga qarshi qo’yilgan qadamdir. Mardlar buni tan olsin. Meni G’arbning munosabati hayratga soldi. Yevropa parlamenti Misrdagi hodisani to’ntaruv deb e’tirof etmay, o’z qadriyatlarini ham oyoq osti qildi. Bu haqqoniylik sinovi bo’ldi va G’arb sinovdan o’ta olmadi”.

Bryussel va Vashington Mursiyning hokimiyatdan chetlashtirilishini to’ntarish deb atamadi.

Anqaraning mintaqa bo’yicha hamkorlari ham Qohiradagi voqealarga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Saudiya Arabistoni va Qatar Misrning yangi tayinlangan prezidenti Adli Mansurni tabrikladi.

Turkiyaning “Milliyat” gazetasi muxbiri Kadri Gurselning yozishicha, Erdog’an Mursiyning islomiy qarashlarini ikkala davlatning mintaqadagi ta’sirini oshirish uchun asos deb ko’rgan.

“Mursiyning hokimiyatdan chetlashtirilishi ruhiy ma’noda Turkiya hukumati uchun og’ir bo’ladi. Arab inqiloblaridan keyin Misr, Tunis, Liviya va kelajakda Suriyada ham islomiy rejimlar o’rnatish va tashqi kuchlarni mintaqadan surib chiqarish g’oyasi bor edi. Endi uni amalga oshirish qiyin bo’lishi aniq,” - deydi Gursel.

Endi Erdo’g’anning G’azo sektoriga tashrifi ham bekor qilinishi mumkin. Bu safar AQSh, Isroil va Falastin xavotiri sabab bir necha marta kechiktirilgan edi.

"Janob Erdo’g’an yaqin kelajakda G’azoga bormaydi. Chunki hozirgi sharoitda harbiylar nazoratida bo’lgan Misr hududini kesib o’tishga jur’at etmaydi. Buning iloji yo’q”, - deydi Gursel.

Yaqin Sharqdagi muhim hamkorni yo’qotish Erdog’an uchun jiddiy zarba, deydi tahlilchilar. So’nggi paytda Turkiyada davom etayotgan namoyishlar uning siyosiy obro’siga shundoq ham putur yetkazgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG