Misrda qo’zg’olon, namoyishchilar Husni Muborak ketsin demoqda


Qohira ko'chalarida, 28 yanvar 2011

Qohira ko'chalarida, 28 yanvar 2011

Misrda prezident va hukumat iste’fosini talab qilayotgan namoyishlar bugun juma namozidan so’ng yana avj oldi.

Qohirada asosan yoshlardan iborat olomonni tarqatish uchun xavfsizlik kuchlari ko’zni yoshlantiruvchi gaz, suvli mashinalar va rezina patronlarni qo’llayapti.

Qohira ko'chalarida, 28 yanvar 2011

Qohira ko'chalarida, 28 yanvar 2011

Mamlakat bo’ylab komendant soati joriy etilgan – kech soat oltidan ertalab yettigacha ko’chaga chiqish taqiqlangan.

Prezident Husni Muborak ommani tinchlanishga chaqirib, vazirlarni ishdan olgan. Xalqqa murojaat qilar ekan, 29 yanvar kuni yangi hukumat tuziladi deya va'da bergan.

Mamlakatning uzoq yillik rahbari, 82 yoshli Muborak seshanba kunidan beri ommaga ko’rinmagan edi va bugun xalqqa ilk bor murojaat qilishi.

Misrning ko’pgina qismlarida internet, uyali telefon va sms xizmati o’chirilgan. Kompaniyalar bu haqda hukumatdan ko’rsatma olganini aytadi.

Qohira ko'chalarida, 28 yanvar 2011

Qohira ko'chalarida, 28 yanvar 2011

Tunisda va mana endi qo’shni davlatlarda ham internet, xususan bloglar va Twitter kabi ommabop aloqa vositalari hukumatga qarshi namoyishlarni tashkillashtirishda muhim rol o’ynayotgani sir emas.

Misrning Qohira, Aleksandriya va Suez shaharlarida politsiya bilan to’qnashuvlarda kamida 5 kishi halok bo’lgan. Huquq tashkilotlari hisobicha qamoqqa olinganlar 2 mingdan ziyod.

Husni Muborak Misrning uzoq yillik avtoritar rahbari

Husni Muborak Misrning uzoq yillik avtoritar rahbari

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun fikricha, tobora avj olayotgan protestlar fuqarolar dardini tinglash uchun yana bir imkoniyat.

Muhammad el-Baradey, Xalqaro Atom Boshqarmasi sobiq rahbari, islohotchilar harakatiga yetakchilik qilish uchun kuni-kecha Qohiraga qaytgan. Hozir uy qamog’ida saqlanmoqda.

“Xalq o’zgarish istaydi. Afsuski, shu paytgacha na boykot, na saylovlar, na imzo yig’ishlar ish berdi. Omma kayfiyatini mana shu tarzda namoyish etishga majbur”, - deydi el-Baradey, Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati.

Xavfsizlik xizmati g’alayon boshida turganlarni birma-bir qo’lga olayotgani haqida ma’lumotlar bor. Eng yirik muxolif guruh – Musulmon Birodarlarning besh yetakchisi hamda sobiq deputatlar uyidan olib ketilgan.

Misr Qo’shma Shtatlarning mintaqadagi eng yaqin hamkori. Prezident Barak Obama bunga urg’u bergan holda, mamlakat siyosiy islohotlarga muhtoj deydi.

AQSh prezidenti YouTube video sayti orqali misrliklarga murojaat qilib, hukumat va namoyishchilarni zo’ravonlikdan tiyilishga da’vat etdi.

“Xunrezlik bilan hech narsaga erishib bo’lmaydi. Fuqarolarga erkin fikr bildirishga imkon bering”, - deydi Barak Obama.

“Misr bizning Yaqin Sharqdagi yaqin hamkorimiz. Mintaqadagi qator murakkab masalalarni hal qilishda, jumladan Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarida Vashington bilan ishlab keladi”, - deydi Obama.

Qohira ko'chalarida, 28 yanvar 2011

Qohira ko'chalarida, 28 yanvar 2011

“Shu bilan birga, Husni Muborakka qayta-qayta eslatib turamizki, siyosiy-iqtisodiy islohotlar bu davlat ravnaqi, xalqining farovonligi uchun o’ta zarur. Ularni kechiktirib bo’lmaydi”, - deydi AQSh rahbari.

Tahlilchilar fikricha, Qo’shma Shtatlar namoyishchilarning haq-huquqini yoqlab, tavakkal qilmoqda.

“Tarozining bir pallasa AQSh targ’ib qilib kelayotgan demokratik qadriyatlar, ikkinchi pallasida esa azaliy ittifoqchilar. Lekin avtokratik tuzumlar qulab, o’rniga mo’tadil, AQShga hamkor rahbarlar keladi degan umid bor”, - deydi siyosatdon Villiam Zartman.

Denis Makdona, Obamaning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi deydiki, Misrda 1980-yillardan beri qo’llanib kelinayotgan favqulodda qonunlarni bekor qilish, saylov to’g’risidagi qonunlarini yangilash, erkin fikr bildirishga imkon berish lozim.

Muhammad el-Baradey, Xalqaro Atom Boshqarmasi sobiq rahbari, muxolifatga boshchilik qilish uchun Misrga qaytgan

Muhammad el-Baradey, Xalqaro Atom Boshqarmasi sobiq rahbari, muxolifatga boshchilik qilish uchun Misrga qaytgan

“Tunis, Yaman va regiondagi boshqa hukumatlarga ham maslahatimiz shu”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts. “Fundamental huquqlarni hurmat qiling”.

Shu oy boshida Tunisda omma hukumatga qarshi bosh ko’tarib, prezident Ben Ali Saudiya Arabistoniga qochgan edi.

Iordaniyada ham minglab fuqaro namoyish ko’tarib, hukumatdan islohotlar, bosh vazir Samir al-Rifay iste’fosini talab qilmoqda.

Aholi qimmatchilikdan norozi va hukumatni korrupsiyada ayblab, tanqid qilmoqda.

Bosh vazir Rifay oy boshida ishchilar maoshini oshirib, pensiyalarni ko’tarishga va’da bergan edi. Muxolifat Tunisdagi qo’zg’olondan ilhomlanganini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG