Breaking News

Misr qonga belandi, o'nlab odamlar o'lgan


Misrda hukumatdan ag’darilgan prezident Muhammad Mursiyga xayrixoh minglab odamlar bugun poytaxt Qohira va boshqa shaharlarda namoyishga chiqqan. Ular armiya joriy etgan favqulodda holatni tan olishdan bosh tortayapti.

Bugunning o'zida nobud bo'lganlar soni 70 kishi atrofida ekani ma'lum.

Hafta boshida politsiya Mursiy tarafdorlarining isyonini kuch bilan bostirgan, hukumat hisobicha, 638 odam halok bo’lgan.

Ammo Mursiyga sodiq Musulmon Birodarlar partiyasi nazarida talofatlar minglarni tashkil etgan.

"Amerika Ovozi"ning Qohiradagi muxbiri xabariga ko’ra, xavfsizlik kuchlari poytaxtga yetaklovchi yirik yo’llarni to’sib qo’ygan. Bugungi yig’inlar oldidan shaharda tanklar va boshqa zirxli mashinalar soni oshirilgan.

“Al-Jazeera” telekanali Tanta shahridagi qonli namoyishlar videosoni namoyish qildi. Mursiyni yoqlayotgan guruhlar isyonni to’xtatmoqchi emas, politsiya esa o’zini himoya qilish uchun qurol ishlatishga shay.

Musulmon Birodarlar muvaqqat hukumatni tan olmayapti. Mursiy prezidentlik lavozimida qayta tiklanishi kerak, konstitutsiya yana kuchga kirishi lozim, deya talab qilmoqda harakat a'zolari.

Vaqtli rahbariyat birodarlar va Mursiyga sodiq kuchlarni terrorizmda, bezorilikda ayblasa, muxolifat nazarida mamlakat bugun harbiy diktatura ostida.

Kecha Qo’shma Shtatlar rahbari Barak Obama Misrdagi qonli g’alayonni tandiq qilib, kelasi oyga rejalangan harbiy mashqlarni bekor qildi.

Bu davlat ko’chalarida oddiy fuqarolar qoni to’kilayotgan bir paytda odatdagi hamkorlikni davom ettirish mumkin emas, dedi Obama.

BMT Xavfsizlik Kengashi ham ixtilofni qoralab chiqqan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG