Misrda ayollar jinsiy tahqirlardan dod demoqda

  • Amerika Ovozi

Misrda demokratik inqilobdan ikki yil o’tib ham xotin-qizlar huquqlari keng miqyosda toptalmoqda. Ayolar hayoti yanada og’irlashgan, deydi faollar. Inson huquqlari tashkilotlari yangi hukumatdan bu masalaga yaqindan e’tibor qaratishni so’ramoqda.

Misrda avtoritar hukumatni ag’darishda xotin-qizlar muhim rol o’ynadi. Ammo inqilob bilan ular erkin bo’lib qolgani yo’q. Aksincha bugun haq-huquq haqida gapirish qiyin.

Ularning himoyasiga kelsak, ayollar ahvoli og’irlashgan, deydi “Human Rights Watch” inson huquqlari xalqaro tashkilotining Misr bo’yicha direktori Hiba Morayif.

“Xotin-qizlarni tahqirlash, sha’niga tajovuz qilish va zo’ravonlik hollari juda ko’p uchrayapti. Biroq hukumat bunga javoban hech qanday chora ko’rayotgani yo’q,” - deydi u.

Hukumat ayollar umidlarini oqlay olmadi, deydi faollar.

Qohiradagi Nadim markazi jinsiy tajovuz qurbonlari bilan ishlaydi.

“Parlament yoki boshqa ochiq forumda xotin-qizlar masalasini muhokama qilmoqchi bo’lsak, bu ustuvor masala emas, degan fikr eshitamiz. Ayollar himoyasi, siyosiy jarayondagi ishtiroki ustuvor emasmi? Inqilob qildik, siyosiy tizimni o’zgartirdik axir!” – deydi markaz xodimi, ruhshunos Fara Shash.

Husni Muborak davrida ham xotin-qizlar erkaklar bilan teng huquqqa ega bo’lmagan. Yaqinda qabul qilingan yangi konstitutsiya esa ular imkoniyatlarini yanada cheklaydi.

Xotin-qizlar bunga norozilik tariqasida namoyishlar uyushtirdi.

“Yangi konstitutsiyadagi ko’plab bandlar ayollar huquqlarini alohida tilga olmaydi, himoya qilmaydi,” – deydi namoyishchilardan biri.

Xotin-qizlar erkinliklarini kafolatlovchi yangi qonunlar qabul qilinishi kerak, deydi faollar. Bundan tashqari ta’lim tizimi jiddiy islohotlarga muhtoj. Chunki hozirda o’quv yurtlarida erkaklar ayollardan ustun degan fikr yoshlar miyasiga quyiladi.

Odamlar munosabatini, birinchi navbatda ongini o’zgartirmasak vaziyat o’zgarmaydi, deydi ruhshunos Fara Shash.

“Qachongacha ayollar Misr ko’chalarida erkak himoyasi ostida yurishi kerak? Tizim bizni himoya qilsin, xavfsizligimizni kafolatlasin. Biz ko’chada yurganimizda erkaklar bizga jiddiy munosabatda bo’lishi, hurmat qilishini istaymiz”.

Islomiy mafkura hukmron hozirgi boshqaruv xotin-qizlar huquqlariga jiddiy e’tibor qaratmasa, jamiyat olg’a siljimaydi, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan misrliklar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG