Arab ayollari orasida eng ko'p qiynalayotganlar - misrliklar

  • Amerika Ovozi

Arab dunyosida xotin-qizlar uchun eng qiyin mamlakat - Misr. 20 mamlakatdagi ahvolni o’rganib chiqqan olimlar shunday xulosa qilmoqda. Gap ayollar savdosi, tazyiq-ta’qiblar va boshqa iqtisodiy-ijtimoiy muammolar haqida ketmoqda.



“Thompson-Reuters” olib borgan izlanishga 300 ekspert hissa qo’shgan. Tilga olinadigan eng jiddiy masala - Misr viloyatlari va hatto katta shaharlarida ham keng tarqalgan an’ana – xanta qilish, ya’ni qizlarning jinsiy organining bir qismini kesib tashlash. BMTga ko’ra, Misrda 27 million ayol buni boshdan kechirgan.

Iyul oyida Tahrir maydonida bo’lib o’tgan namoyishlar chog’ida bir ayol jinsiy ta’qibga uchradi. Erkak namoyishchilar ayolni do’stlaridan ajratib, unga hujum qildi.

Hukumatga ko’ra, xotin-qizlar ahvolini yaxshilashga qaratilgan choralar ko’rilmoqda.

“HarassMap” nomini olgan maxsus kampaniya ayollarga nisbatan tazyiq-ta’qiblarni kuzatib bormoqda.

Qizig’i, hozirgi tashvishlanarli ma’lumotlarga qaramay, arab dunyosidagi eng katta jamiyat bo’lmish Misr doimo xotin-qizlar huquqlari borasida progressiv hisoblangan. Boshqa arab mamlakatlaridan farqli ravishda Misr ayollari turli jabhalarda faol bo’lib kelgan.

Sotsialist qarashlarga ega prezident Kamol Abdul Nosir davridan buyon ayollar davlat tizimida katta lavozimlarga tayinlangan. Qizlar uchun ta’lim majburiy. Ishlaydigan ayollar ko’p.

Sudyalar, professor va jurnalistlar va hatto hozirgi muvaqqat hukumatda bir necha vazirlar ham ayollar.

Butayna Kamol 2011-yilda prezidentlikka da’vo qilgan, ammo saylovning birinchi bosqichidan o’tolmagan. Uning siyosiy platformasi xotin-qizlarga nisbatan tajovuz va diskriminatsiyani yo’q qilib, huquqlarni ta’minlashga asoslangan edi.

“Uyda, ko’chada va ishxonada ayol o’zini xavfsiz sezishi kerak. Unga na jismonan, na so’z bilan hujum qilish mumkin”, - deydi Butayna Kamol.

Qohiradagi Amerika universiteti professori Said Sodiq 2011-yil inqilobidan keyin ayollar ahvoli yomonlashganini aytadi.

“Misrda so’nggi ikki yil ichida ayollar huquqlari uchun kurashayotganlar ko’paydi. Xotin-qizlarning namoyishlarda qatnashayotganini ko’ramiz, vaholanki ularning siyosiy faolligini to’xtatishga qaratilgan jinsiy tajovuz hollari ko’p uchraydi. Ayollar barcha inqiloblarda faol ishtirok etdi. Demak, ular hamon kuch-quvvat va g’ayratga to’la,” - deydi u.

Tadqiqotda Saudiya Arabistoni, Suriya va Yaman ham ayollari toptalgan, qashshoq va azobda yashayotgan jamiyatlar deya qayd etiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG