Misrda zo'ravonlik qurbonlari soni oshmoqda

  • Amerika Ovozi

Misr Sog’liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, mamlakatda bugun ro’y bergan qonli zo’ravonliklarda 50 dan ortiq odam o’lgan. Hokimiyatdan ag’darilgan prezident Muhammad Mursiy tarafdorlarining namoyishi qonli tus olib, harbiylar bilan to’qnashuv kelib chiqqan.
Mursiyning “Musulmon birodarlar” harakati fojeada harbiylarni aybladi. Tinch o’tayotgan namoyish paytida askarlar odamlarga qarata o’q uzdi, deydi islomiy partiya vakillari.

Harbiy ma’muriyat esa namoyishchilar hukumat binosini egallashga harakat qilganini, natijada askarlar o’zini himoya qilish uchun o’t ochishga majbur bo’lganini aytadi. To’qnashuvda, shuningdek, bir harbiyning halok bo’lgani ma’lum.

Zo’ravonlik ketidan radikal musulmonlar harakati hisoblanadigan salafiylar partiyasi yangi hukumat bilan muloqot qilish niyatidan qaytganini ma’lum qilgan.

Qarama-qarshi taraflarni qo’llab-quvvatlayotgan namoyishchilarning chiqishlari davom etmoqda. O’tgan hafta ikki o’rtada yuz bergan to’qnashuvlarda mingdan ortiq odam jarohat olgan, 30 dan ziyod odam o’lgan.

Mursiy tarafdorlari Bosh vazir bo’lishi kutilayotgan Muhammad al-Barodiy nomzodini qabul qilmasliklarini aytmoqda. Ularga ko’ra, BMT sobiq rasmiysi o’ta liberal qarashlari bois musulmonlar uchun nomunosib rahbardir.

O’tish hukumatida prezident maqomi ramziy ahamiyat kasb etib, asosiy boshqaruv bosh vazir qo’lida bo’lishi aytilmoqda.

AQSh prezidenti Barak Obama Misrdagi notinchliklar yuzasidan tashvish izhor etib, mojaroda biror siyosiy guruh yoki partiyani qo’llab-quvvatlamasligini aytdi.

Misrning Amerikadagi elchisi Muhammad Tavfiq o’z yurtida harbiy to’ntarish bo’lgani haqidagi iddaolarni inkor etadi.

“Misr xalqi prezident Mursiyni o’z vazifasini yaxshi bajara olmadi, deb topdi. Ertaroq saylov o’tkazilishini 22 million aholi yozma ravishda talab qildi. “Musulmon birodarlar”ga maslahatim shuki, xatolarini tan olib, siyosiy jarayonga qo’shilsinlar. Endi kelajak haqida o’ylashimiz kerak”, - deydi Misr elchisi.

Respublikachi senator Bob Korker Misrda tinchlik qaror topishi uchun AQSh o’z yordamini ayamasligi kerak, degan fikrda.

“Misrda ro’y bergan voqealar uzoq vaqt notinchlik hukm surishiga olib keladi. Bu mintaqaning boshqa hududlariga ham ta’sir qiladi. Biz tomonlarni tinchlikka chaqirib, harbiylardan hokimiyatni tezroq fuqarolar qo’liga topshirishini so’rashimiz kerak”, - deydi u.

Demokrat senator Jek Rid ham Misrda tezroq demokratiya qayta tiklanishi kerak, deydi.

“Biz demokratik yo’l bilan saylangan hukumatga tezroq o’tilishini qo’llab-quvvatlashimiz va barqarorlik ta’minlanishiga yordam berishimiz kerak. Harbiylar hokimiyat qachon topshirilishi haqida aniq vaqtni aytishi kerak. Mursiydagi muammolardan biri uning haddan ziyod avtoritar bo’lgani edi”, - deydi senator Rid.

Misrda navbatdagi prezidentlik saylovlarining qachon o’tishi ma’lum emas. Agar Mursiy tarafdorlari siyosiy muloqotga qo’shilmasa, mamlakat fuqarolar urushi domiga tortilishi mumkin, deya xavotir olayotganlar bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG