Misr yoshlari orasida saylovdan norozilar ko'p

  • Amerika Ovozi

Misr prezidentligiga nomzodlar - Amir Musa (o'ngda) hamda Abdul Munim Abul Futuh telekanal orqali namoyish etilgan saylovoldi bahsida. Qohira, Misr, 10-may, 2012-yil.

Misr prezidentligiga nomzodlar - Amir Musa (o'ngda) hamda Abdul Munim Abul Futuh telekanal orqali namoyish etilgan saylovoldi bahsida. Qohira, Misr, 10-may, 2012-yil.

Misrda Husni Muborak rejimi ag’darilgandan keyin ilk bor o’tayotgan prezident saylovida mamlakat yoshlarining faol ishtirok etishi kutilmoqda. Shunga qaramay, yoshlar orasida inqilob natijalaridan qoniqmaganlar talaygina.

Misrda eski tuzumni, eskicha qarashlar va eski avlod hukmronligini ag’dargan iqilobda, asosan, yoshlar ishtirok etdi. Ayrimlar nazarida, prezidentlikka da’vogar ikki asosiy nomzod Amir Musa va Ahmad Shafiq hanuz eski tuzum vakillari hisoblanadi. Bundan norozilar ko’p.

Inqilob boshida turgan ayrim yoshlar fikricha, saylov orqali yangi hukumatga yana eski tuzum qoldiqlari sizib kirishi mumkin.

“6-aprel” deb nomlanuvchi yoshlar harakati a’zosi, yozuvchi Mustafo Abdul Rahmon Kajoning aytishicha, eski rejim namoyandalari hukumatga qaytsa, inqilob qurbon qilindi, demakdir.

“Minglab yoshlar shu inqilob uchun qonini to’kdi. Bu yoshlarga qarshi kurashgan birisining prezident etib saylanishi adolatdan emas”, - deydi u.

"Musulmon birodarlar" partiyasidan prezidentlik uchun nomzod - Muhammad Mursiy

"Musulmon birodarlar" partiyasidan prezidentlik uchun nomzod - Muhammad Mursiy

Nomzodlardan Abdul Munim Abul Futuh va Muhammad Mursiy islomchilar guruhiga mansub bo’lgani bois ham ayrim yoshlarga maqbul emas. Ammo Abdul Rahmon Kajo fikricha, islomchilarning saylovda ishtirok etishi kamida eski tuzumdan qutulishga yordam beradi.

“Diniy nomzodning prezident bo’lishiga roziman. Faqat bitta shart bilan: mamlakatda ijtimoiy tenglik o’rnatilishi, barcha guruhlar birdek ko’rilishi lozim”, - deydi u.

Misrda shariat o’rnatilishini targ’ib etayotgan islomchilar va, asosan, ozodlikka urg’u beruvchi inqilobchi yoshlar Misr kelajagi bo’yicha ixtilofli qarashlarga ega bo’lsa ham, ularni bir-biriga bog’lab turuvchi umumiy jihat ham yo’q emas. Har ikki toifa fuqarolari eski tuzumdan ko’p jabr tortgan.

Inson huquqlari bo’yicha tadqiqotchi Hiba Morayifning aytishicha, yaqinda bo’lib o’tgan bahsda shu narsa ko’zga tashlandi.

“Abu Futuh namoyish qilish huquqi haqida gapirdi. Unga ko’ra, namoyishchilar kuch ishlatish huquqiga ega emas, ammo davlat namoyishchilarni himoya qilish majburiyatiga ega. Musa esa, asosan, davlat barqarorligiga diqqat qaratmoqda. U inqilobchi yoshlarni o’z saylovchilarining bir qismi sifatida ko’rmayapti”, - deydi Morayif.

Saylovga bir necha kun qolganda Misr Mudofaa vazirligi binosi oldida yangi norozilik namoyishlari bo'lib o'tdi. 4-may, 2012-yil.

Saylovga bir necha kun qolganda Misr Mudofaa vazirligi binosi oldida yangi norozilik namoyishlari bo'lib o'tdi. 4-may, 2012-yil.

Ayrim yoshlar e’tiroziga ko’ra, nomzodlar orasida ular nomidan gapiradigan hech kim yo’q. Tahrir maydonidagi namoyishlarda faol ishtirok etgan Mustafo Aklning aytishicha, muammo inqilobchilarning liderga ega bo’lmaganida.

Nomzodlar orasida yoshlarni jalb qilishga urinayotganlar ham bor. Jamol Abdul Nosir g’oyalari targ’ibotchisi Hamdin Sabahiy hamda eng yosh vakil Xolid Ali ana shunday nomzodlardan.

Inqilobchilar orasida keyingi saylovni kutish va ungacha o‘z mavqeini mustahkamlab olish haqida o’ylayotganlar ham yo’q emas.

Ungacha o’z nomini erkin saylovga qo’ya olgan nomzodlarning borligidan faxrlanish kerak, deydi misrshunos Daliya Husayn.

“Inqilobdan ko’zlangan asosiy maqsad ozodlik edi. Shunga erishildimi, demak, har kim o’z nomzodini qo’yish huquqiga ega. Ammo eski tuzum vakillarining qayta saylanishiga yo’l qo’ymaslik biz yoshlarning burchimiz”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG