Andijonni unutmang, deydi xalqaro huquq tashkilotlari

  • Amerika Ovozi

2005-yilning 13-mayida Andijon shahrida ro'y bergan qonli voqealarni guvohlar va hukumat turlicha talqin qiladi.

Prezident Islom Karimov va uning ma'muriyati nazarida bu tashqi kuchlar tomonidan qo'llab-quvvatlangan terror xuruji bo'lgan.

O'sha kuni Bobur maydoniga davlat rahbarini ko'rishga chiqqan, maxsus kuchlar o'qidan qochib, bir amallab jon saqlab qolgan fuqarolarning aytishicha esa tinch aholi nishonga olingan.

Andijondagi qamoqxonaga bostirib kirilgani, mahbuslar qochgani va soqchilar halok bo'lgani inkor etilmaydi.

Xalqaro hamjamiyat voqea yuzasidan mustaqil tergov o'tkazishga chaqirgan, lekin O'zbekiston hukumati bunga yo'l bermay, uni o'zi taftish qilgan va o'nlab fuqarolar aybdor deb topilib, uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Hukumat hisobicha, o'lganlar soni 200 dan oshmagan. Huquq himoyachilari esa yuzlab begunoh fuqarolar otib o'ldirilgan deydi.

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" va Xalqaro Amnistiya tashkilotlari dunyo ahlini yaqin tarixdagi bu fojiani unutmaslikka undamoqda.

"Bu qirg'in tarix sahifalarida yo'qolib ketmasin", - deya yozadi Stiv Sverdlov va Xyu Vilyamson, "Human Rights Watch" ekspertlari.

Yuzlab insonlarni vatandan bosh olib chiqib ketishga majbur qilgan, yuzlab insonlarning hayotini ko'kka sovurgan, yuzlab insonlarni sarsonu-sargardon qilgan va yana yuzlab insonlarni panjara ortiga tashlagan voqea mustaqil tergov qilinmadi.

O'zbekiston hukumati o'z xalqiga nisbatan qurol ishlatdi, adolatni yopib yubordi, deydi huquq himoyachilari.

Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashida bu masala ko'tarilganida, respublika rasmiylari "Andijon - biz uchun yopiq masala" deb ochiq aytgan.

Yevropa Ittifoqi poytaxti Bryusselda chop etiladigan "Yevropa Ovozi" (European Voice) gazetasida chiqqan maqolada, "Human Rights Watch" vakillari blokni O'zbekiston bilan hamkorlikda inson huquqlariga e'tiborni oshirishga chaqiradi.

Karimov ma'muriyatining qilmishi avval qoralandi, 2005-yilning oxirida sanksiyalar qo'yildi, ammo 2009-yilga borib, O'zbekiston biror o'zgarish qilmasa-da, bu cheklovlar olib tashlandi, deya yozadi Stiv Sverdov.

Respublikada qiynoq usullari hamon qo'llanadi, inson huquqlari muntazam ravishda buziladi, Rustam Inoyatov boshliq Milliy Xavfsizlik Xizmati fuqarolarni ezishda davom etmoqda. G'arb, xususan Yevropa Ittifoqi va Amerika, vaziyatga ko'z yumib, o'z tor manfaatlarini ro'kach qilib, O'zbekistonni hamkor sifatida ko'rib kelmoqda, deyiladi "Human Rights Watch" bayonotida.

Huquq ahvoli yaxshilanishi uchun bu davlatga konkret shartlar qo'yilishi kerak, G'arb bilan yaqindan ishlashni istagan O'zbekiston ularni bajarmasa,
Andijonda fuqarolarni qirishda qo'li borligi gumon qilingan rasmiylarga Yevropa Ittifoqiga kirish man etilib, ularning blokdagi mulki va bank hisoblari muzlatilishi kerak, deya undamoqda tashkilot. 2005-yilda joriy etilgan sanksiyalar shunday cheklovlardan iborat edi.

Xalqaro Amnistiya ham Yevropa Ittifoqi va Amerikani huquq masalasini yuqori o'ringa qo'yishga chaqirmoqda. O'tgan sakkiz yil ichida vaziyat biror jihatdan yaxshilangani yo'q, deyiladi tashkilot bayonotida.

Siyosiy mahbuslar taqdiri, qamoqxonalardagi qiynoqlar va endilikda Qizl Xoch Xalqaro Qo'mitasi respublika turma va hibsxonalariga kirmayotgani - Xalqaro Amnistiya nigohida bag'oyat jiddiy muammolar.

"Human Rights Watch" ga ko'ra, siyosiy sabablarga ko'ra qamalgan insonlar, jumladan muxolifatchilar, jurnalistlar va huquq himoyachilari ozod etilishi kerak. O'zbekiston haqiqatni yashirmayotgan bo'lsa, xalqaro tashkilotlar va chet el axborot vositlari mamlakatdagi ahvol bilan yaqindan tanishishi uchun imkoniyat yaratsin, deydi faollar.

Huquq tashkilotlari nazarida BMT Inson huquqlari kengashi O'zbekistonga maxsus vakil tayinlashi kerak. Ammo o'tgan 10 yil ichida BMTning biror maxsus vakili mamlakatga kiritilmagan.

<br /> <br />

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG