Breaking News

Kim ovoz beradi va qanday ro’yxatdan o’tadi?


Saylov-2012: Kim ovoz beradi va qanday ro’yxatdan o’tadi?
Saylov-2012: Kim ovoz beradi va qanday ro’yxatdan o’tadi?

Amerikada prezident saylovlari kampaniyasi qizg’in bir pallada. Shtatma-shtat saralash bosqichi davom etar ekan, maydonda respublikachi da’vogarlardan to’rt nafari qoldi.

Mahalliy yoki federal miqyosda bo’ladimi, rahbarni saylash bu mamlakatda ovoz beruvchilarni ro’yxatga olishdan boshlanadi.

AQShda 18 ga to’lgan har bir fuqaro ovoz berish huquqiga ega. Mustasno hollar bor albatta.

2008-yilgi prezident saylovlarida aholining 63 foizdan oshig’i ovoz bergan. Ammo avvalo ro’yxatdan o’tishingiz kerak.

Ko’plab davlatlardan farqli o’laroq, AQShda saylovlarni nazorat qilish hukumatning ishi emas. Mamlakat bosh qomusi 18 ga kirgan har bir shaxsning ovoz berish huquqini kafolatlaydi, biroq ro’yxatga olish tartibini belgilash shtatlarning o’ziga havola.

Saylov-2012: Kim ovoz beradi va qanday ro’yxatdan o’tadi?
Saylov-2012: Kim ovoz beradi va qanday ro’yxatdan o’tadi?
Ayrim shtatlarda saylov kunigacha registratsiyadan o’tmasa ham bo’ladi. Boshqalarida esa 15 kun yoki bir oy oldin ismingizni qog’ozga tushirib qo’yishingiz kerak. Fuqaro qayerda muqim yashashi muhim, ro’yxatdan o’tayotganda bu haqda so’rashadi.

Amerikadagi ikki yirik siyosiy kuch, demokratlar va respublikachilar, aynan registratsiya jarayoni orqali o’z safini kengaytirishga harakat qiladi.

Merilend shtatida Demokratik partiya vakili Ayna Teylor yangi a’zolarni jalb qilish, shuningdek, saylov kuni borlarini ishga solish ahamiyatini tushuntiradi.

“Qancha ko’p odam qatnashsa, yordamlashsa, kelib ovoz bersa, shuncha yaxshi”, - deydi u.

Respublikachilar vakili Fred Flayshmen deydiki, partiya nufuzini saqlab qolmoqchi bo’lsa, albatta, doimiy harakatda bo’lishi zarur.

“Merilendda respublikachilar ozchilik. Demokratlar bilan baravar raqobat qilish uchun a’zolarimiz sonini oshirish kerak”, - deydi u.

Saylov-2012: Kim ovoz beradi va qanday ro’yxatdan o’tadi?
Saylov-2012: Kim ovoz beradi va qanday ro’yxatdan o’tadi?
Ayrim shtatlarda fuqaro u yoki bu partiya a’zosi sifatida ro’yxatdan o’tadi. Boshqalarida esa bunday talab yo’q. 50 shtatning barchasida betaraf, mustaqil saylovchi bo’lib registratsiyadan o’tishga ham haqqingiz bor.

Qisqasi, bepoyon bu mamlakatning har burchagida turlicha qonun-qoidalar. Mahalliy hukumatlarga katta vakolat berilgan.

Turli irq, jins, din va siyosiy qarashlarga ega guruhlar ham saylov oldidan birlashib, a’zolarini ro’yxatdan o’tishga undaydi. Muddao shuki, yuqori lavozimga saylanayotgan rahbarlar ularning istak-xohishlarini ham inobatga olsin.

“Ahamiyatini tushungan odam albatta qatnashadi”, - deydi yaqinda ro’yxatdan o’tgan Zebediya Daniels. “Mana biz, afro-amerikaliklarni, oling. Haq-huquqlarimiz uchun qanchalik kurashganmiz. Bu kurash haliyam davom etyapti”.

Amerikada ko’pchilik haydovchilik guvohnomasini olayotgan payt saylov uchun ro’yxatdan ham o’tib qo’yadi.

Ayrim shtatlarda buni internet orqali qilsa ham bo’ladi, biror idoraga borib o’tirish shart emas. Jarayon oson bo’lsin, saylovda ko’p fuqaro qatnashib, istagini bildirsin deya shunday qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG