8-noyabr Amerikada "zamonamiz sinovimi" yoki "Mustaqillik kunimi"?

  • Amerika Ovozi

Amerikada bugun tarixiy kun. Xalq yangi prezidentni saylamoqda. Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Xillari Klinton seshanba kungi saylovni “zamonamiz sinovi”, uning respublikachi raqibi Donald Tramp esa “Mustaqillik kunimiz” deb atadi.

Klinton saylovdan oldin so’nggi murojaatini dushanba oqshom Shimoliy Karolinadan turib qildi.

"Ertaga saylov tugasa-da, ishimiz endi boshlanayotganini tushunishingizni xohlayman. Bo’linib qolgan mamlakatni birlashtirishimiz kerak. Bir-birimizga quloq solishni, bir-birimizni hurmat qilishni boshlashimiz zarur", - dedi Klinton.

Tramp esa Michiganda ko’p sonli olomon oldida o’zgarishlar haqida gapirdi.

"Saylov qutisi yonida turganda amerikaliklar adolat uchun ovoz berishi kerak. Bu ishni ertaga yoki kelasi haftaga qoldirish kerak emas, bugun qilish kerak. Saylovga ertaroq chiqarsizlar degan umiddaman", - dedi Tramp.

Amerikaning Nyu-Gempshir shtatidagi uch shaharcha bugungi saylovlarni boshlab berdi. Meyn shtati va qo’shni Kanada o’rtasida joylashgan Diksvil Notch shahrida saylov uchastkasi yarim tunda ochildi. Qizig’i shundaki, bu shaharchada (qishloq desa ham bo’lar) atigi 8 saylovchi yashaydi. Shulardan to’rt nafari Xillari Klintonga, ikkisi Donald Trampga ovoz berdi. Unga qo’shni Milsfildda Donald Tramp 16, Klinton esa 4 ovoz oldi. Nyu-Gempshirdagi yana bir shaharcha Xarts Lokeyshnda Klintonga 17, Trampga 14 odam ovoz berdi.

Poytaxt Vashington vaqti bilan 20:00 da Amerikaning sharqiy va markaziy shtatlarida aksariyat saylov uchastkalari yopilib, ovozlar hisoblay boshlanadi.

Saylovoldi so’rov natijalariga ko’ra, Klinton 2-3 foiz farq bilan Trampni mag’lub etishi mumkin.

Aytish joiz, 47 milliondan ziyod fuqaro 8-noyabrdan oldin ovoz berib bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG