Prezidentni amerikaliklar saylaydi, oqibatini dunyo ko’radi

  • Amerika Ovozi

Yevropada moliyaviy inqiroz davom etayapti, Xitoyda esa o’sish sur’atlari sekinlashgan, ammo hozir ko’pchilikning diqqati Amerikadagi prezidentlik saylovlarida.


Jahon ahli oliy lavozimga kim saylanishini bilishni istaydi. Chunki g’alabani qo’lga kiritgan shaxs nafaqat dunyoning eng qudratli davlatini boshqaradi, balki o’z qarorlari bilan global iqtisodiyotga ham ta’sir o’tkazadi.

Ommaviy so’rovlarga ishonadigan bo’lsak, 2012-yilgi saylov natijasini bir necha muhim shtatlardagi ovozlar hal qiladi. Ammo natija butun dunyo bo’ylab aks-sado beradi, deydi tadqiqotchi Bryus Stouks.

“Rahbarini tanlaydigan amerikaliklar, buning oqibatini ko’radiganlar dunyo ahli”, - deydi u.

AQSh iqtisodiyoti jahon yalpi milliy mahsulotining qariyb chorak qismini tashkil etadi. Shu jihatdan hech bir boshqa davlat unga tenglasha olgani yo’q. Iqtisodchilar Amerika aksirsa, butun dunyo shamollab qoladi, deb bekorga aytmagan.

Dezmond Laxman Amerika biznes institutida makroiqtisodiyot bo’yicha mutaxassis:

“2008-2009-yillar krizis avj olgan bir paytda AQSh bank tizimida ro’y bergan voqealar global iqtisodiyotni to’lqinlantirib yuborgan”.

Prezidentlikka nomzodlar Barak Obama va Mitt Romni AQSh iqtisodiyoti sog’lom bo’lishi global barqarorlik uchun muhim, deydi. Har ikkisi o’sishni ta’minlashga qaratilgan o’z rejasini maqtaydi. Romni fikricha, avvalo, Xitoy bilan adolatli savdoni yo’lga qo’yish kerak.

“Saylansam, birinchi kundayoq Xitoyni valyuta manipulyatori deb e’lon qilaman. Kerak bo’lsa, ularning mahsulotiga tariflarni oshiramiz”, - deydi respublikachi arbob.

Ikkinchi muddatga saylanish uchun harakat qilayotgan Obama esa so’nggi to’rt yilda savdo-sotiq hajmi sezilarli oshgani, Xitoy valyutasi qiymati ham sekin-asta ko’tarilayotganini aytadi.

Iqtisodiyot baquvvat bo’lsin desak, ishlab chiqaruvchilarni vatanga qaytishga ko’ndirish kerak, Romni bu ishni uddalay olmaydi, deydi prezident.

“Romni hech qachon Xitoyga qattiq turmaydi, chunki u asos solgan va sarmoya kiritgan kompaniyalar Xitoyning quli”, - deydi Barak Obama.

Lekin Xitoy muammoning bir bo’lagi xolos. Yevropadagi qarz balosi sabab Amerika mahsulotlariga talab kamaygan.

“Biz bilan savdo qiladigan yirik Yevropa mintaqasidagi muammolar yaqin kelajakda AQShda ham o’sishning beliga tepadi”, - deydi iqtisodchi Dezmond Laxman.

Uning so’zlariga ko’ra, AQShda ishsizlikni kamaytirish uchun Mitt Romni olg’a surayotgan reja tadbirkor va sanoatchilarga ma’qul.

Tadqiqotchi Bryus Stouks boshqa bir masalaga e’tibor qaratadi. Dunyoning ko’pgina davlatlarida Obamani yoqtirishadi, Romni rahbarlikka kelsa, AQShning chet eldagi imidjiga putur yetishi mumkin, deydi u.

“Romnining bayonotlari Xitoyda nihoyatda salbiy kayfiyat uyg’otyapti. Yevropada ham AQShga nisbatan munosabat o’zgaradi”, - deydi suhbatdosh.

Pyu tadqiqot markazi o’tkazgan so’rov natijasiga ko’ra, Obamaning g’arbiy Yevropada shuhrati baland. Fransiyada aholining 92 foizi uning ikkinchi muddatga saylanishini yoqlaydi. Germaniyada bu ko’rsatkich 89 foiz, Britaniyada esa 73 foiz.
Ammo greklarning atigi 22 foizi Obamaga ijobiy baho bergan.

Saylovda kim g’alaba qilishidan qat’i nazar, Amerikaning bo’lajak rahbarini iqtisodiy jabhada yechimini kutayotgan murakkab muammolar kutmoqda. Ikkiga bo’linib qolgan Kongressda biror hujjat ovozdan o’tishi qiyin.

“Amerika o’z iqtisodiyotini eplay olmasa jabrini butun dunyo tortadi”, - deydi Dezmond Laxman.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG