Soliq, savdo bobida nomzodlar nima qilmoqchi?

  • Amerika Ovozi

Yuzlab taniqli iqtisodchilar, jumladan, Nobel mukofoti sovrindorlari nazarida respublikachi Donald Tramp xavfli, vayronkor bir prezident bo'ladi. "Wall Street Journal" nashrida chop etgan maqolasida yuzlab boshqa iqtisodchilar Hillari Klinton mamlakat iqtisodi o'sishi uchun sezilarli ish qilmaydi, deya xulosa qiladi.

Ikki nomzod faqat bir masalada hamfikr - ular Tinch okeani Hamkorlik bitimiga qarshi.

Tramp soliqlarni kamaytirib, neft va ko'mir ishlab chiqarishni oshirishga undab keladi. Uning aytishicha, xalqaro savdo bitimlari Amerikadan millionlab ish o'rinlari chetga chiqib ketishiga xizmat qilayapti.

Tramp Xitoy va Meksika mollariga tariflarni oshirib, savdo sheriklari bilan qoidalari keskinroq kelishuvlar imzolamoqchi. "Savdo bitimlarini qayta ko'rib chiqishimiz kerak", - deydi u.

Lekin iqtisodchilarning aytishicha, Xitoy va Meksika yuqori tariflarga ko'nmaydi va bu bilan savdo hamda o'sish sustlashadi.

Bu esa ish o'rinlari boy beriladi degani, deydi iqtisodchi Markus Noland. "Amerika iqtisodiyoti sustlashib, xususiy sektor 4.8 million ish joylarini boy beradi", - deydi u.

Demokrat Hillari Klinton Davlat kotibi lavozimida Trans Tinch okeani hamkorligini yoqlagan edi. Bugun u bitimga qarshi chiqib siyosiy opportunizmda ayblanmoqda. Klinton esa u dastavval yoqlagan bitim muzokaralar natijasida o'zgartirib yuborilganini, kelishuv Amerika ishchilariga kam foyda keltirishini aytadi.

"Mamlakatda ish o'rinlari yaratib, maoshlarni oshirmasa, biror bitimni qo'llab-quvvatlamayman", - deydi Klinton.

Bu orada, Trampning tarafdori, milliarder Piter Tiel so'zlariga ko'ra, Klinton oddiy xalqni tushunmaydi. "Siyosiy elita erkin savdo haqida sayraydi. Oliy ma'lumotli rasmiylarimiz arzon import biz uchun foyda deya javraydi. Lekin aslida bu bilan biz o'n minglab zavodlar, millionlab ish joylarini chet davlatlarga topshirib qo'yamiz", - deydi u.

Nomzodlardagi yana bir tavofuq soliqlarda. Tanqidchilarning aytishicha, Tramp soliqlarni kamaytirib, aslida boylarga himmat qiladi va davlat qarzini oshiradi.

Klinton eng kam ish haqini oshirib, boylarga ko'proq soliq solmoqchi va Amerika kompaniyalari mamlakatda qolishi uchun soliq imtiyozlari taklif qilmoqchi. Ammo iqtisodchilar nazarida soliqlar oshsa, iqtisodiyot sekinlashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG