Saylov – 2012: Muhojirlar - bahsli mavzu

  • Amerika Ovozi

Amerikada, taxminan, 11 million noqonuniy muhojir istiqomat qiladi. Prezidentlik uchun olib borilgan saylov kampaniyalarida immigratsiya va, ayniqsa, noqonuniy muhojirlik haqida ko’p gapirildi. Mamlakat iqtisodiy qiyinchilikni boshidan kechirayotgan bir paytda prezidentlikka asosiy nomzodlar va boshqa siyosatdonlar ushbu mavzuni bot-bot tilga olmoqda.


Prezident Barak Obama ham, saylov kampaniyasidagi uning raqibi Mitt Romni ham immigratsiya tizimini isloh qilish kerak degan fikrda. Ammo buni qanday amalga oshirish borasida ular yakdil emas.

“Bu yerga noqonuniy kelganlarni kechirmayman men. Ish beruvchilarni tekshiradigan tizim joriy etaman. Noqonuniy muhojirlarni ishga oluvchilar jazolanadi”, - deydi Romni.

Milliy immigratsiya forumi tashkiloti vakili Ketrin Vargasning aytishicha, respublikachi nomzodning bu borada nima qilmoqchi ekani mavhum.

“Immigratsiya tizimini isloh qilish kerak, deyapti. Ammo qanday islohot haqida gapiryapti, bilmaymiz. O’z-o’zini deportatsiya qilish yechim emas. Vataniga qaytishga majbur bo’ladigan muhojirlar hayotini yanada qiyinlashtiradi, xolos. Romni ilm-fan va texnologiya sohalarida o’qigan xorijlik talabalarga doimiy yashash huquqini berish kerak, deyapti. Ammo 11 million hujjatsiz muhojir taqdiri yuzasidan lom-lim demayapti”, - deydi muhojirlar masalasini o’rganuvchi Ketrin Vargas.

Sobiq gubernator Romni ayni paytda muhojirlarga nisbatan munosabatini yumshatgani uchun ham tanqidga uchramoqda. Migratsiya siyosati instituti tadqiqotchisi Doris Meysner buni shunday tushuntiradi.

“Romni immigratsiya masalasini Kongressga olib chiqib, bu borada qonun qabul qilish orqali munozaraga doimiy yechim topish niyati borligini aytyapti. Hujjatsiz talabalarni deportatsiyadan himoyalash maqsadida olg’a surilgan “Orzu” qonunini ham qo’llab-quvvatlashini aytdi. Ammo ular, avvalo, armiyada xizmat qilishlari kerak, deyapti”, - deydi tadqiqotchi.

2008-yil prezident saylovlarida muhojir amerikaliklarning aksariyati Obamaga ovoz berdi. Ammo bugun ular prezident faoliyatidan mamnun emas. Obama to’rt yil davomida immigratsiya muammolariga barham beradigan biror qonun ishlab chiqmadi, deya norozi ular.

“Obama AQShdagi hujjatsiz muhojirlarning ayrim toifalariga hujjat berish bilan birga noqonuniy immigratsiyaga qarshi jiddiy kurashishni tavsiya etmoqda”, - deydi tadqiqotchi Meysner.

“Ammo Obama buni qanday amalga oshirmoqchi, hanuz noma’lum. Chunki to’rt yil oldingi saylovda ham shunday va’dalar bergandi. Immigratsiya islohotini uddalash uchun Obama respublikachi qonunchilarni bu masalada o’z tomoniga og’dirishi lozim, ammo bunga qanday erishmoqchi ekanini bilishni istardik”, - deydi Ketrin Vargas.

Nomzodlar o’rtasida o’tgan ikkinchi teledebatda davlat rahbari o’z qarashlarini himoya qildi.

“Agar noqonuniy muhojirlar ketiga tushmoqchi bo’lsak, aql bilan ish ko’rish kerak. Talabalar emas, balki jinoyatchilar, bezorilar, jamiyatga zarar yetkazayotgan odamlarni nishonga olish lozim”, - dedi prezident.

Saylovda kim yutishidan qat’i nazar, ayrim tahlilchilar fikricha, AQSh immigratsiya tizimida yaqin yillar ichida islohot ro’y berishiga ishonish qiyin. Chunki Kongressda bir-biriga qarshi ikki partiyaning murosaga yo’l topishi dargumon.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG