Eng kam ish haqini oshirish - AQShda dolzarb masala

  • Amerika Ovozi

Amerikada ish beruvchi har bir xodimga yashashga yetadigan darajada maosh to'lash majburiyatiga egami? AQSh prezidentligi uchun kechayotgan saylov kampaniyasida eng kam ish haqini ko'tarish ko'p tilga olinmoqda. Meyn shtatida barcha uchun soatbay ish haqini oshirish masalasi ovozga qo'yilmoqda.

Hillari Morrison uy ijarasi, yashash va o'qish qarzlarini to'lash uchun pul topishi kerak.

"Bir ish bilan buni eplash imkonsiz. Buning uchun ikki yoki uchta ishda ishlashim kerak bo'lardi", - deydi u.

Hillari restoranda ishlaydi. Ammo shu sohaning boshqa ishchilariga qaranda ko'proq, eng kam federal ish haqidan deyarli uch baravar ortiq maosh oladi.

"Bu, albatta, yaxshi", - deydi u.

Odamlarga yashash uchun yetarli haq to'lash axloqiy masala, deydi Hillarini ishga yollagan Stiv Korman.

"Ishchilarimni saqlab qolishni istayman", - deydi u.

Kormanga ko'ra, xodimlarga belgilangan minimal maoshdan ko'proq to'lash xizmat sifatini yaxshilaydi.

"Juma va shanba kunlari choychaqa bilan soatiga 30 dollardan ko'p topishadi. Har hafta ikki kun shunday ishlasa, yashashga yetadigan maosh olsa bo'ladi", - deydi u.

Shu bois Korman eng kam ish haqini oshirish bo'yicha Meyn shtatida ovozga qo'yilayotgan qonunni qo'llab-quvvatlamoqda.

Mamlakat bo'ylab maoshlarning oshirilishini talab qilayotganlar ko'p. Masala prezident saylovida eng ko'p tilga olingan mavzulardan.

"Agar eng kam ish haqi yashashga yetishini istasangiz, hech kim farzandini qashshoqlikda katta qilmasin desangiz, bizga qo'shiling", - deydi Hillari Klinton.

Uning raqibi Donald Tramp masalani mahalliy hukumatlarning o'zi hal qilsin, degan fikrda.

"Shtatlarga havola qiling buni", - deydi u.

O'tgan yili Meyn qonunchilari eng kam ish haqiga oid qonunni ma'qullamadi. Ammo mavjud qoidaga binoan, fuqarolar endi masalani saylov kuni ovozga qo'ymoqchi.

Agar minimal ish haqi ko'tarilsa, restoran egalari narxlarni oshirishi yoki boshqa xarajatlarni qisqartirishi mumkin.

"Odamning qadrini maosh bilan belgilamaslik kerak. Sizga qarab, qiymatingiz soatiga 12 dollar, deb aytishimiz kerakmi? Ish esa 11 dollarlik. Yoki jamiyat pitsa uchun 30 dollar to'lashga tayyormi?" - deydi restoran egalaridan biri.

Hukumat mahalliy iqtisodiyotni maoshlarni oshirish bilan soxta ko'targandan ko'ra xodimlar ta'lim va ishdagi imtiyozlar orqali hayotlarini yaxshilasin, deydi u.

"Bu ish haqini oshirish emas, balki soliq solish masalasi. Ish o'rinlari boy beriladi, kichik bizneslar yopiladi va sanoat o'zgarishga yuz tutadi", - deydi tadbirkor.

Ommaviy so'rovlarga ko'ra, iqtisodiyot mavhum bo'lib turgan bir paytda saylovchilar taklifni rad qilishi ehtimoli yuqori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG