Saylov qimmat jarayon, partiya va nomzodlar millionlab dollar sarflaydi


Saylov qimmat jarayon, partiya va nomzodlar millionlab dollar sarflaydi

Saylov qimmat jarayon, partiya va nomzodlar millionlab dollar sarflaydi

Amerikada 2 noyabr kuni mamlakat qonunchilik organi - Kongressning har ikki palatasi a’zolari, shtat va mahalliy kengash vakillari, hamda mer va gubernatorlar saylanadi.

Muxolif Respublikachilar partiyasi Kongressda ko’pchilik o’rinni qo’lga olishga intilar ekan, hozirgi mavqeini saqlashga harakat qilayotgan demokratlar ham kampaniyaning so’nggi kunlarigacha targ’ibot-tashviqot ishlariga zo’r berdi.

Bu yilgi saylov kampaniyasi xarajatlari misli ko’rilmagan darajada yuqori. Partiya va nomzodlar jarayonda jami 4 milliard dollar sarflagani taxmin qilinadi.

Gap shundaki, AQSh Oliy sudi qarori bilan siyosiy kampaniyalarni moliyalashga qo’yilgan cheklovlar bekor qilingan. Oqibatda yirik korporatsiyalar va kasaba uyushmalari ularga ma’qul partiya va kandidatlarni radio-televideniye orqali reklama qilish uchun katta mablag’ ajratish imkoniyatiga ega.

Telereklamalarni moliyalashga homiy guruhlar va fuqarolar ham hissa qo’shadi. Tahlillarga ko’ra, siyosiy kampaniya uchun mablag’ to’plashda Oq Uy siyosatidan norozi respublikachilarning qo’li baland.

AQSh Savdo Palatasining Illinois shtatidagi kampaniyaga pul tikishidan hayratlangan prezident Barak Obama jarayonga nisbatan shubha bildirgan.

“Kongressga kim saylanishini pul bilan belgilab olishga ruxsat beramizmi?”, -deydi AQSh rahbari.

Savdo Palatasi siyosiy kampaniyalarga mablag’ ajratganiga haqidagi xabarlarni rad etmoqda. Respublikachilar, jumladan sobiq prezident Jorj Bushning maslahatchisi va hozirda respublikachilar uchun mablag’ jamg’arish tashabbuslarini yo’naltirayotgan Karl Rouv Obamaning so’zlariga norozilik bildirgan.

“Oq Uy iqtisodiy siyosatidagi xatolaridan xalq e’tiborini chalg’itishga urinmoqda”, -deydi u.

Lekin siyosiy kampaniyalarga cheksiz mablag’ ajratish imkoniyatidan eng ko’p respublikachi siyosatchilar manfaat ko’rishi aniq.

“Badavlat fuqarolar nomini oshkor qilmasdan kampaniyaga bemalol pul berayapti. Respublikachilar bundan nihoyatda xursand”, - deydi Amerika Universiteti professori Alan Lixtman.

Demokratik partiya tarafdorlari bu masalaga qanchalik e’tibor qaratishga harakat qilmasin, saylovchilarning dardi asosan iqtisodiyot va ishsizlik.

Vashingtondagi Brukings Instituti olimi Tomas Mann iqtisodiy tanazzul Obamaning demokratik partiyasi oldidagi eng katta muammo deydi.

“Iqtisodiy ahvol tuzaladimi yoki yo’q? Aksariyat nazarida vaziyat hali-beri yaxshilanmaydi. Shunday ekan, prezidentning obro’si tushaveradi va oqibatda bu saylovda demokratlar o’rinlarni boy beradi”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG