Saylov-2016: Kim g'olib chiqishi haqidagi bashoratlar

  • Amerika Ovozi

AQShda bo'lib o'tayotgan prezidentlik saylovida kim g'olib chiqishi haqida bir qator rasmiy va norasmiy so'rovlar mavjud. Ularning ayrimlari, masalan, "fivethirtyeight.com" yoki "Real Clear Politics" saytlari o'z taxminlarining ilmiy asoslarga ega ekanini da'vo qilsa, boshqalarning bashoratlari, shunchaki, taxminlardan iborat. Bu ishga hatto hayvonlar va yosh bolalar ham jalb etilgan.

Quyida ana shunday bashoratlarning ayrimlarini o'quvchilarimiz e'tiboriga havola qilamiz.

"Five Thirty Eight" saytining asoschisi Neyt Silver 2012-yilgi saylovda barcha 50 shtatda saylov natijasini oldindan to'g'ri topgan edi. Bu yilgi saylovda u demokrat Hillari Klintonning yutish imkoniyati 71,4 foiz ekanini aytmoqda.

Amerika universitetining tarixchi professori Alan Lixtmen 1984-yildan beri AQSh prezidentligi saylovlarini to'g'ri taxmin qilib kelgan. Unga ko'ra, bu yil respublikachi Donald Trampning qo'li baland keladi.

AQShning eng yirik 500 kompaniyasini o'zida jamlagan "S&P 500" birja fondi ham Tramp tarafida. Saylov oldidagi birja narxlari 1928-yildan beri 86 foiz holatda kimning g'olib chiqishini to'g'ri aniqlagan. Ya'ni, kimning g'olib chiqishi haqidagi taxminlar asosida narxlar o'zgarib turgan. Bu yilgi o'zgarishlarga qaraganda, Trampda yutish imkoniyati 86 foiz. Birja faqat 1980-yilda xato aniqlagan. O'shanda respublikachi Ronald Reygan demokrat Jimmi Karterni mag'lubiyatga uchratgan edi.

Oldindan natijalarni aniqlash ishiga hatto hayvonlar ham jalb qilinmoqda. Xitoyda "payg'ambarlar qiroli" laqabli maymun Trampning yutishini bashorat qilmoqda.

"Uzoq o'ylanishdan so'ng maymun Trampni tanladi", deb yozdi jonivor yashaydigan Shiyanhu ekologik turizm parki o'z saytida.

"Kutib o'tirmasdan maymum darhol Trampning lablaridan o'pdi",- deyiladi Fransiya axborot agentligi xabarida.

Hindistonda "Chanakya III" deb nomlangan baliq ham Trampni tanlagan. U 2016-yilgi Yevropa futbol chempionati natijasini to'g'ri topgani bilan mashhur.

Ammo hamma hayvonlar ham Tramp tarafdori emas.

Shotlandiyadagi "Buts" deb nomlangan echki "Klinton" ismi yozilgan qog'ozni chaynab, demokratni yoqlashini ma'lum qildi.

Hali ham ishonch hosil qilmadingizmi? Unda bolalardan so'rab ko'ring.

Nyu-Yorkdagi Franklin maktabida bog'cha yoshidan tortib 5-sinfgacha bo'lgan bolalar o'rtasida 48 yildan beri o'yin saylov o'tkaziladi. Bu yil o'quvchilar Hillari Klintonni prezident etib saylagan. Qizig'i, shu paytgacha ular tanlagan nomzod haqiqiy saylovlarda ham g'olib chiqqan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG