Saylovda din va e'tiqod uncha tilga olinmadi

  • Amerika Ovozi

Amerikada bu safargi saylovda din va diniy qadriyatlar uncha tilga olinmadi. Prezidentlikka nomzodlar e’tiqodga emas, iqtisodiyotga urg’u berdi.


Tadqiqotchilarga ko’ra, din va siyosatni bir-biridan ajratish kerak degan yoshlar Barak Obama qayta saylanishida muhim rol o’ynagan.

Amerika xalqi prezidentga ovoz berayotgan kun yosh nasroniylar Oq uy oldidagi bog’da yig’ilib, ibodat qilishdi. Siyosiy bayonotlar yoki plakatlar bilan emas, shunchaki tinchlik uchun ibodat.

Tadbirni uyushtirgan ruhoniy Patrik Maxoni respublikachi Mitt Romni g’alaba qilishini istagan edi, ammo saylov natijasini tan oladi.

“Prezident bilan birga ishlashga tayyormiz. Xalq saylagan rahbarni hurmat qilamiz”, - deydi u.

Aksar fuqarolarning fikru-xayoli bu safar iqtisod va ishsizlikda bo’ldi. Lekin Oq uyning orqa tarafida mana bu kabi ibodat marafonlarida qatnashgan xudojo’y saylovchilar diniy qadriyatlar ham birdek muhim ekanini aytadi. Ishtirokchilardan biri Barbara Potts deydiki:

“Men gomoseksualizm va abortga qarshiman. Hozirgi hukumatimiz ularni quvvatlaydi”.

Marosim tashkilotchilariga murojaat qilganimizda, ular saylovdagi masalalar va nomzodlar haqida gapirishdan bosh tortishdi.

“Ertalab turib, ovoz berib keldim. Kunning qolgan qismini najotkorimiz Iso Masihni yodga olib, ibodat bilan o’tkazishga qaror qildik”, - deydi ulardan biri.

Diniy tadqiqotlar instituti xodimi Den Koks e’tiqodning saylov jarayoniga ta’sirini o’rganadi.

“Bu yilgi saylovda diniy qarashlar uncha muhokama etilmadi, iqtisod va ishsizlik ko’pchilik uchun ustuvor masalalar. Lekin tan olish kerak, Amerikada diniy muhit ham o’zgarib boryapti, yoshlar orasida dahriylar ko’payayapti”, - deydi Koks.

Konservativ saylovchilar odatda respublikachilarga ergashadi va o’tmishda ularning g’alabasiga katta hissa qo’shgan. Biroq yangi tadqiqotga ko’ra, bugun har besh amerikalikdan biri biror dinga qo’shilmaydi. Bundaylar orasida yoshlar juda ko’p.

Ruhiy ozuqani boshqa manbalardan oladigan, Demokratik partiyaga moyil, liberal qarashdagi yoshlar, deydi Koks.

“Ularni saylovda juda faol deb bo’lmaydi. Elektoratning atigi 12 foizi. Lekin natijaga ta’sir etish kuchiga ega”.

Bu yilgi saylovda bir necha shtatlarda marixuanadan foydalanish va gomoseksual nikohlarni qonuniylashtirish masalasi ham ovozga qo’yildi va tasdiqlandi. Dinsiz saylovchilar bunda muhim rol o’ynagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG