Saylov-2016: Tadbirkor ayollar nomzodlar haqida qanday fikrda?

  • Amerika Ovozi

Anna Sigal, muzqaymoq do'koni egasi

Anna Sigal, muzqaymoq do'koni egasi

AQSh prezidentlik saylovlarida respublikachi Donald Tramp va demokrat Hillari Klinton kuch sinashadigan bo’lsa, so’rovlarga qaraganda xotin-qizlarning 60 foizi Klintonga ovoz beradi.

“Amerika Ovozi” tadbirkor ayollar bilan suhbatda bo’lib, nomzodlar haqidagi fikrlarini o’rgandi.

“Men Afrikadan kelganman. Amerikada biznes boshlayman deb hech o’ylamagandim”, - deydi Anna Sigal.

U Merilend shtatida yashaydi. Muzqaymoq do’konini ochish oson bo’lgani yo’q.

Sigal aslida Ugandadan. Yosh qizi bor. Biznesni boshlab olish va yuritish uchun jamlab qo’ygan pulini sarfladi.

“Erkak kishi bankka borib, osongina qarz olishi mumkin. “Nima ish qilasiz” deb so’rashganda uy bekasiman desangiz, hech kim kredit bermaydi”, - deydi Sigal.

AQSh Ayollar tijorat palatasi rahbari Margot Dorfmanga ko’ra, tadbirkor ayollar yuzlashadigan muammolar statistikada ham aks etadi.

Amerikadagi kompaniyalarning 36 foizi ayollarniki, ammo yillik daromadning atigi to’rt foizi ular hissasiga to’g’ri keladi.

“Ayol mehnatiga erkaklarniki bilan teng baho berilmaydi, o’nlab yillardan buyon shunday. Maoshlar nomutanosibligi bunga misol. Korporativ muhitni tark etib, o’z biznesini boshlagan ayollar ham bozorda adolatsiz qonun-qoidalar bilan yuzlashadi”, - deydi Dorfman.

Qaysi nomzod bu muammolarni yechishga qodir? Ayollar tijorat palatasi sobiq tashqi ishlar vaziri Hillari Klintonni yoqlamoqda.

"Klinton prezident bo’lsa, kichik bizneslar kerakli kapitalni qo’lga kiritishi, bozorga chiqishi osonlashadi. U sog’liqni saqlash tizimida ham islohotlar va’da qilgan”, - deydi suhbatdosh.

Buki Opanuga ham Klintonga ovoz bermoqchi. U o’zining marketing kompaniyasini yuqori foizli qarz olib ochgan.

Saylov kampaniyasida, deydi u, ayollar uchun mehnat sharoitini yaxshilash masalasi men uchun birinchi o’rinda.

“Hamma ham tadbirkorlik yo’lini tanlamaydi. Ammo erkinroq jadvalga ega bo’lish uchun doimiy ishini tashlab, o’zi biznes boshlayotganlar ko’p. Ayol kishi karyera qilsinmi yoki uyidagi kasal bolasiga qarasinmi? Ana shu kabi savollarga nomzodlar qanday javob berishi qiziqtiradi meni”, - deydi Opanuga.

Anna Sigalning butun e’tibori iqtisodiyotda. Muzqaymoq do’koni daromadli biznesga aylanishini istaydi.

U Barak Obamaga ovoz bergan edi, lekin demokratlardan hafsafasi pir bo’ldi. Bu safar raqib partiyani tanlamoqchi.

“Donald Tramp odamlarni ish bilan ta’minlaydi, katta tajribasi bor. Iqtisodiyotga kelganda raqiblari unga tenglasha olmaydi”, - deydi tadbirkor.

Nafaqat kichik biznes uchun imkoniyat va imtiyozlar, balki oila, dekret va farzand tarbiyasi singari masalalar ham saylovchilar uchun muhim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG