Amerikada ayol siyosatchi qanday bo'lishi kerak?

  • Amerika Ovozi

AQShda prezidentlik uchun bu yilgi saylov kampaniyasi oldingilaridan ko’p jihatdan farq qiladi. Asosiy farqi - yirik partiyadan prezidentlikka ilk bor ayol kishi nomzodining ko’rsatilgani. Biroq ayollar huquqlari uchun kurashgan yetakchi mamlakatlardan bo’lgan Amerika nega rahbarlikka ayolni saylash masalasida boshqa mamlakatlardan ortda qolib ketdi?

Klinton saylov shtabining aytishicha, unga qarshi tanqidlarning bir qismi uning ayol bo’lgani bilan bog’liq.

Vashingtondagi Jorjtaun universitetida Amerika hukumati tarixi haqida dars beruvchi Mishel Sversning aytishicha, odamlar haligacha faqat erkaklarni kuchli va rahbarlikka qodir deb hisoblaydi.

“Siyosatga kirgan ayollar erkak liderlarga xos xislatlari borligini ko’rsatish bilan birga ayollik xususiyatlarini ham namoyish etishi kerak”, - deydi Svers.

Unga ko’ra, Klintonni ko’p hollarda sovuqqon va tadbirkor deya tanqid qilishadi. Biroq ayollarga xos yumshoq tomonlarini ko’rsatganda ham tanqidga uchraydi, deydi Merilend universitetida professorlik qilgan Sonya Mishel.

“Shunday paytlarda odamlar “Klinton kuchlimi o’zi, xalqaro sahnada qattiq tura oladimi” deya so’rashadi”, - deydi olima.

Professor Sversning aytishicha, Klintonga qaratilgan tanqidlar yolg’iz jinsiga bog’liq emas.

“Elektron pochta serverlari va Klinton jamg’armasiga aloqador tanqidlar asosli, chunki ular shaffoflik, halollik kabi qadriyatlar, rahbarlarimizning fazilatlarini savol ostiga qo’yadi”, - deydi Svers.

Unga ko’ra, odamlar ayol nomzodlardan erkaklarga qaraganda samimiyroq, shaffofroq va halolroq bo’lishni kutadi.

Ispan jurnalisti Dori Toribio fikricha, siyosatchi ayol erkaklardan 10 chandon yaxshiroq bo’lishi, lavozimiga loyiq ekanini hamisha isbotlab turishi kerak.

Uch haftadan so’ng “Amerika ayol prezidentga tayyormi” degan savolga javob olamiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG