Ozarbayjonda prezident saylovlari


Boku, Ozarbayjon

Boku, Ozarbayjon

9-oktabr kuni Ozarbayjon ahli prezident saylaydi. Rahbar lavozimi uchun o’n nomzod kurashmoqda. Saylovdagi jiddiy raqibi bartaraf etilgan amaldagi prezident Ilhom Aliyev bu gal ham asosiy da’vogar. Targ’ibot kampaniyasi turli bosimlar ostida o'tganidan shikoyat qilayotgan muxolifat saylov adolatli o’tishiga ishonmaydi.


Uchinchi muddatga o'z nomzodini qo'gan Aliyev bu safar ham g'olib chiqishi kutilmoqda.

Saylov arafasida Birlashgan Ozarbayjon muxolifati, Demokratik kuchlar milliy kengashi Jamil Hasanli nomzodini tavsiya etmoqda. 5-oktabr kuni uni qo'llab Bokuda o'tkazilgan mitingda bir necha ming kishi yig'ilgani ta'kidlanadi.

Jurnalist Farid Gasomar so'zlariga ko'ra, muxolifat uchun kampaniya oson kechmayapti, hokimiyat resurslari prezident Aliyevni qo'llashga safarbar qilingan. Davlat, xusisiy matbuot ham muxolifatning siyosiy platformasini taqdim etishdan chetlatilgan. Jamoat televideniyesida debatda qatnashgan nomzodlar esa tanqidni hukumatga emas, asosan, muxolifat nomzodi Jamil Hasanliga qaratgan.

“Hukumat tasarrufidagi barcha resurslar Ilhom Aliyev nomzodini qo'llashga yo'naltrilgan, boshqa tomondan muqobil nomzodlar targ'ibot kampaniyasiga belgilangan vaqt yanada qisqartirildi. Saylov kurashi adolatsiz taqsimlangan, ayniqsa, muxolifatning saylovchilar bilan muloqot imkoniyati juda cheklangan”, - deydi jurnalist.

So'nggi 20 yilda tarqoq qolgan Ozarbayjon muxolifatini birlashtirishga muvaffaq bo'lgan taniqli rejissyor Rustam Ibragimbekov prezident Aliyevga jiddiy raqib bo'lishi kutilayotgan edi. Ammo Ibragimbekov poygadan chetlatildi.

“Jamil Hasanli muxolifat tomonidan nomzod sifatida ko'rsatilishi favqulodda holatda yuz berdi. Musaqillikdan buyon tarqoq qolayotgan muxolifat taniqli kinodramaturg Ibragimbekov nomzodi ostida birlashgan edi. Hukumat kino ustasi Rossiya fuqaroligidan chiqmaganini bahona qilib, nomzodini ro'yxatga olmadi. Shundan so'ng Jamil Hasanli qisqa vaqt mobaynida ishlashga majbur bo'ldi, bir nech ming kishilik mitinglar o'tkazdi, biroq albatta bu yetarli emas”, - deydi jurnalist Farid Gasomar.

Saylov munosabati bilan o'tkazilayotgan so'rovlarga qaralsa, aksariyat aholi Ilhom Aliyevni qo'llab-quvvatlash niyatida. Uning davrida iqtisodiy vaziyat o'nglanib borayotganini e'tirof etishgan. Jurnalistlar esa so'rovlarga shubha bilan yondashadi.

“Bilasizmi, mustaqillik davridan boshlab hozirgacha ijtimoiy vaziyatni xolis baholovchi institutlar shakllanmadi. Mavjud so'rovlar esa buyurtma. Shuning uchun ham natijlarga men ishonmayman”, - deydi jurnalist.

Muxolifat Aliyevni korrupsiyada, avtoritar tuzumda ayblab chiqmoqda. Jurnalist Topdiq Farhod o'g'li so'zlari ko'ra, agar saylov haqiqatda adolatli o'tsa, muxolifatda imkoniyat bor.

"Faqat saylov demokratik tarzda o'tgan taqdirda, chunki mamlakat aholisining ko'pi amaldagi siyosatdan qoniqish hosil qilmagan. Men saylovning faol o'tishiga shubha qilmayman, faqat saylovchilar ovozini hisoblash qanday kechishi mavhum. Hukumat adolatli saylov bo'ladi deb va'da bermoqda, biroq muxolifat bunga ishonmayapti”, - deydi jurnalist.

Aliyev prezidentlikka marhum otasi Haydar Aliyevning siyosiy vorisi sifatida kelgan edi. 2003-yilgi saylovlarda go'lib chiqqan arbob, 2005-yilda ikkinchi muddatga saylandi. 9-oktabrda u uchinchi prezidentlik muddatini boshlab berishi mumkin.

Boku, Ozarbayjon, 4-oktabr, 2013

Boku, Ozarbayjon, 4-oktabr, 2013

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG