Breaking News

Prezident saylov kampaniyasi Senat faoliyatiga qanday ta'sir qilyapti?


Saylov-2016: Prezidentlikka nomzodlar asosiy ishini qilmayapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:48 0:00

Saylov-2016: Prezidentlikka nomzodlar asosiy ishini qilmayapti

AQShda prezidentlikka nomzodlar orasida to’rt nafari senator - uch respublikachi va bir demokrat. Saylov kampaniyasi qizg’in pallada ekan, ayrim kuzatuvchilar qonunchilarning asosiy ishi chetda qolib ketayotganidan tashvishda.

Ted Kruz, Marko Rubio va Rend Pol Respublikachi partiyasidan yagona nomzod bo’lishga intilayotgan senatorlar. Demokrat da’vogarlar safida esa senator Berni Sanders sobiq senator Xillari Klintondan o’zib ketishga harakat qilmoqda.

“Men milliarderlar manfaatlarini himoya qilmayman. Korporatsiyalar xizmatida emasman. Ularning puliga zormasman”, - deydi Sanders.

Sanders hamisha poytaxtda ishlaganini inkor etmaydi. Respublikachi nomzodlarning aksariyati esa, aksincha, boshqa shtatlardan ekanini, Vashingtonda va hatto, o’zlari ishlayotgan Kongress va Senatda hokimiyatni o’zlashtirib olgan siyosatchilarga qarshi kurashayotganini da’vo qiladi.

“Bu ikkala partiya yaratgan muammo. Ular ittifoqda bizni halokatga yetaklamoqda”, - deydi nomzod Pol.

“Qachon Vashingtondagilarga qarshilik ko’rsatgansiz? Qachon nafaqat demokratlarga, balki o’z partiyangiz rahbariyatiga qarshi chiqqansiz?” - deydi Kruz.

Biroq Vashingtonga qarshi gaplar Senatda ko’pchilik sardori Mitch Makkonnelning respublikachilar boshqaruvni eplay oladi, degan gaplariga to’g’ri kelmaydi.

“Senatda o’tgan yilgiday ish olib borishda, bajarsa bo’ladigan muhim masalalarni qonunga aylantirishda davom etamiz”, - deydi u.

Siyosiy tahlilchi Sten Kollender joriy yil Kongress uchun mahsuldor bo’lishiga ishonmaydi.

“Kongressdan 2016-yil saylov kampaniyasida taktik maqsadlarda foydalanishmoqda”, - deydi u.

Yana bir ekspert Jon Fortyening aytishicha, prezidentlikka nomzodlar doim ham partiya chizgan chiziqdan yurishni istamaydi.

“Ba’zida ular Senat binosidan chiqib ketib, ovoz berish paytida topolmaysan”, - deydi u.

Ayni damda respublikachilar Senatda demokratlardan to’rt a’zoga ustun. Bu kichik farq. Noyabrda Kongressga ham o’tadigan poygada o’z o’rnini saqlab qolishga hozirlik ko’rayotgan senatorlarning uchdan ikki qismi respublikachilar. Agar partiyadan prezidentlikka yagona nomzod sifatida ultra-konservativ Ted Kruz saylansa, Makkonnelga qiyin bo’ladi, deydi tahlilchilar.

“Mitch Makkonnel va Ted Kruz umuman bir-biri bilan chiqisha olmaydi. Agar Makkonnel Ted Kruz tarafdorlarini saylovda ovoz berishga da’vat etgudek bo’lsa, bu qayta saylanishga umid qilayotgan senatorlarga ziyon keltirishi mumkin”, - deydi Kollender.

Makkonnel prezidentlikka nomzodlar g’avg’osidan nariroq turishga harakat qilmoqda.

“Amerika xalqi bizni saylab ishongan vazifalarni bajarishda davom etamiz, prezidentlikka nomzodlar esa olishaversin”, - deydi respublikachilarning Senatdagi sardori.

Ilk qurultoy o’tishi rejalangan Ayova shtatidagi so’nggi so’rovda Kruz eng ko’p ovoz oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG