Breaking News

Respublikachilar muammolarni yechadi, desangiz adashasiz, deydi iqtisodchilar


"Respublikachilar demokratlar olib borgan tashabbus, ishlarni to’xtatish qarorida qat’iy. Qo’lidan kelsa, mayli-ya", - deydi siyosatdonlar.
"Respublikachilar demokratlar olib borgan tashabbus, ishlarni to’xtatish qarorida qat’iy. Qo’lidan kelsa, mayli-ya", - deydi siyosatdonlar.

Vakillar Palatasida endi respublikachilar hukmron ekan, Barak Obama ularga qo'l uzatmoqda. Prezident yaqin ikki yilda raqib partiya bilan til topishib ishlashi kerak. Obama olg'a surayotgan takliflar qarshilikka uchrashi aniq.

Amerika xalqi ovoz berar ekan, iqtisodiy tanglikdan jonimiz halqumimizga keldi dedi.

“O’zgarish bo’lishi kerak. Hukumat byudjetni to’g’rilab qo’ysin. Qarzdan qutulsin”, - deydi ular.

Poygada respublikachilar qo’li baland keldi. Biroq, deydi olimlar, bu iqtisodiyot bir zumda tiklanadi degani emas.

“Odamlar saylovdan keyin muammolar yechiladi, deb o’ylamoqda. Aslida republikachilar va demokratlar bahsi kuchayadi. Qarorlar uzoq, mashaqqat bilan qabul qilinadi”, - deydi Nyu-Yorkdagi biznes maktabi dekani Maykl Vilyams.

Uning nazarida Vakillar Palatasi respublikachilar qo’liga o’tgani bilan, iqtisodiyotga buning ta’siri kam yoki umuman bo’lmasligi aniq.

“Respublikachilar demokratlar olib borgan tashabbus, ishlarni to’xtatish qarorida qat’iy. Qo’lidan kelsa, mayli-ya. Hozir ko’p balandparvoz gaplar qilish mumkin. Lekin ikki yil qisqa muhlat. Bu payt ichida biror jiddiy o’zgarish qilish o’ta mushkul”, - deydi Vilyams.

Respublikachilar hukmron Vakillar Palatasi o’ziga ma’qul qonun loyihalarini olg’a surib, boshqalarini to’sishi hech gapmas. Lekin demokrat qonunchilar kurashsiz taslim bo’lmaydi. Demokrat prezident ham loyihalarga veto qo’yish vakolatiga ega.

Respublikachilar Bush davrida joriy etilgan soliq imtiyozlarini uzaytiradi, degan gap bor. Bu imtiyoz boylarga ham taalluqli.

“Hammaning og’zida shu gap. Matbuotda ham, siyosatchilar va biznes doiralarda ham. Menimcha, bu to’g’ri qaror. Iqtisodiyot barqaror bo’lishi uchun zarur. Odamlar hozir ortiqcha soliq to’laydigan kayfiyatda emas”, - deydi mana bu ayol.

Sarmoya bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar bu fikrga qo’shiladi.

“Iqtisodiy ahvolni o’zingiz ko’rib turibsiz. Bizneslar odam yollashga qo’rqib qolgan. Demokratlar davrida ishi orqaga ketgan tadbirkorlar, aholi bezib qolgan. Respublikachilar kelgani yaxshi, endi hammasi joyiga tushadi, degan xayol bor”, - deydi tahlilchi Den Grinxaus.

Biroq ekspertlar nazarida gap boshqaruvga kim kelganida emas. Ishsizlik darajasi anchagacha yuqori, iqtisodiy o’sish sust bo’lib qolaveradi.

Tarqoq Kongress murosaga kelgan taqdirda ham, deydi ular, energiya siyosati, iqtsodiyot, ishsizlik bobida muhim qarorlar, tub o’zgarishlar 2012 yilgi saylovdan keyin qabul qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG