Saylov-2016: Tashqi siyosat amerikaliklar uchun qanchalik muhim?

  • Amerika Ovozi

Tashqi siyosatga doir masalalar amerikalik saylovchilarni nechog’lik qiziqtiradi?

Nyu-Gempshir shtatining Manchester shahridagi bir namoyishda saylovchilar ob-havo yoki saylov emas, davlat rahbarining bergan va’dasi haqida gaplashmoqda.

“Obama prezidentlikka kelganidan beri Guantanamo qamoqxonasini yopishga va’da beradi, ammo va’dasining ustidan chiqmadi”, - deydi biri.

"Lavozimdan ketishiga oz qolganda endi bu haqda gapirishdan nima foyda?” - deydi Tinchlik korpusining sobiq a’zosi Tom Koffman.

Koffman Falastin mavzusidagi bu namoyishda Donald Tramp va Isroilni fashistlar deb atadi.

“Janubiy Afrikada fashizm tugatildi, endi Yaqin Sharqda ham bu baloga chek qo’yish kerak”.

Ba’zi saylovchilar uchun milliy xavfsizlik yoki iqtisodiyot muhim mavzular emas. Meri Uilsonning aytishicha, nomzodlar Isroil-Falastin mojarosini deyarli tilga olmayapti.

“So’nggi yillarda Yaqin Sharqdagi jarayonlarni kuzatayotgan har bir odam tashqi siyosatga befarq bo’lmasligi kerak. Bu mamlakatimizning dunyodagi o’rni uchun, askarlarimiz va xalqimiz xavfsizligi uchun muhim mavzudir”, - deydi u.

“Faxriylar tinchlik uchun” harakatining a’zosi Art Desmarais AQSh tashqi siyosatini tanqidga oladi.

“Har bir askar o’z yurtini himoya qilishni istaydi, biroq urush uchun to’g’ri sabab bo’lsin deymiz, Amerikaning yaratilishi asosidagi g’oyalar sabab bo’lsin deymiz. Shunchaki hukumatning xohishiga qarab urush qilmaylik”.

AQSh armiyasida xizmat o’tagan Art Desmarais nomzodlarning tashqi siyosatga munosabatiga qarab ovoz berishini aytadi.

“Shunday rahbarni saylashimiz kerakki, u nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo uchun to’g’ri qarorlar qabul qilsin, insoniyligi bo’lsin”, - deydi u.

Saylovchilar hozirgi nomzodlarning barchasi, xoh demokrat bo’lsin, xoh respublikachi, tashqi siyosatda haqiqiy va ijobiy o’zgarishlarni amalga oshira olishiga shubha bilan qaraydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG