Ommabop saytlar saylov kampaniyasida qanday rol o’ynamoqda?

  • Amerika Ovozi

AQShda har to’rt yilda bir o’tadigan prezidentlik saylovlarida internetning roli va ta’siri oshib bormoqda. “Facebook” va “Twitter” kabi ommabop saytlar siyosiy kommunikatsiyaning ajralmas qismiga aylangan.



O’tmishda siyosiy kampaniyalar saylovchilarga ma’lumot ulashish va ularni ruhlantirish uchun gazetalar va ommaviy yig’ilishlarga tayanar edi. Radio va televideniye bu ishni ancha osonlashtirdi. Bugun esa bu rolni internet bajarmoqda - bir zumda va interaktiv ravishda.

So’nggi 20 yilda siyosiy kampaniyalar va internet bir-biriga bog’lanib qoldi. Nomzodlar u orqali ma’lumot uzatadi, mablag’ jamg’aradi, fuqarolarni faol bo’lishga undaydi.

2008-yilda prezidentlikka demokrat nomzod Barak Obama va uning komandasi g’alabaga erishish uchun global tarmoqdan misli ko’rilmagan darajada foydalangan, deydi tadqiqotchi Piter Fenn.

“Raqamlarga bir qarasangiz, kifoya. Obamaning kampaniyasiga 4 million kishi pul bergan, ya’ni unga ovoz bergan har 17 fuqarodan biri donorlik qilgan. AQSh siyosatida bunaqasi bo’lgan emas. Ikkinchidan, 16 million tarafdolarning e-meyl adreslari bor edi unda”, - deydi u.

Endi 2012-yilga qaytsak… Demokratik partiyadan nomzod prezident Barak Obama ham, uning respublikachi raqibi Mitt Romni ham internetdan, jumladan “Facebook” va “Twitterdan” birdek, strategik ravishda foydalanyapti.

Axborotni yetkazishda har bir vositaning o’ziga yarasha ahamiyati bor, deydi Romni qo’lida ishlayotgan Zak Moffat.

“Twitter ayni daqiqada bo’layotgan jarayonlarni yoritadi, ya’ni hozir bo’layotgan muloqot. Facebook ni bir-ikki kun oldingi voqealar haqida fikr almashish vositasi deb atash mumkin. Undan keyin Google keladi. Nima ro’y berdi va omma bu haqda nima dedi, degan savollarga tezda javob topib beradi”.

Ommabop sahifalar nomzodlarning be’mani gaplari va xijolatli holatlarni muhokama qilish uchun ham qulay. Internetda yong’in kabi tez tarqaladi, deydi siyosiy tahlilchi Toni Romm.

“Diqqatni o’ziga tortadigan, bema’ni yoki hangomabop gaplar bir zumda internetni kezib chiqadi. Koptok kabi dumalab, minglab forumlarga kiradi, bu haqda yoziladi, bo’lishiladi, sharhlanadi, takrorlanadi. Facebook da ham shunday. Nomzod haqida bir qiziqarli ma’lumot oshkor bo’ladi-yu, bora-bora katta gazetalarda maqola bo’lib chiqadi”, - deydi Romm.

Mavzu bo’yicha izlangan olimlar deydiki, ommabop saytlar saylovchilar haqida ma’lumot to’plash, ularning dardini bilish va o’rganish, kampaniyani shunga moslash va nomzodni hamdard qilib ko’rsatish uchun foydali. Buni Amerikada “chakana siyosat” deyishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG