Breaking News

Amerikaliklar xalqaro savdo bitimlariga qarshi


Amerikada qizg’in kechayotgan saylovoldi kampaniyada xalqaro savdo haqida ko’p gap ketmoqda. Qizig’i shuki, respublikachilar ham, demokratlar ham bu masalada deyarli hamfikr.

Respublikachilardan nomzod Donald Tramping aytishicha, Xitoy va Meksika AQShdan ish o’rinlarini olib qo’ymoqda.

“Savdo bitimlarini qayta ko’rib chiqishimiz kerak. Bu mamlakatlar o’z kompaniyalariga imtiyozlar bermoqda, bizda esa bu yo’q”, - deydi Tramp.

Tadbirkor nomzod 1994-yilda imzolangan Shimoliy Amerika erkin savdo bitimini tanqidga olib, prezidentlikka saylansa, saylovdagi raqibi Xillari Klinton bir paytlar maqtagan Trans Tinch okeani hamkorlik bitimi bo’yicha muzokaralardan chiqishini bildirdi.

“Undan foyda bo’ladi deb umid qilgandim, ammo hujjatning hozirgi ko’rinishidan mamnun emasman, muzokara jarayonida qatnashganim yo’q”, - deydi Klinton.

Bitimni yoqlayotgan 12 davlat Tinch okeani bo’yida joylashgan bo’lib, dunyo iqtisodiyotining 40 foizi shu mamlakatlar hissasiga to’g’ri keladi. Amerika kasaba uyushmalariga ko’ra, bu savdo bitimi emas, balki arzon ishchi kuchidan foydalanishga qaratilgan kelishuv.

Biroq Jahon savdo tashkiloti rahbari Roberto Azevedoning aytishicha, ish o’rinlarining yo’qotilishiga kam hollardagina savdo sabab bo’ladi.

"Rivojlangan mamlakatlarda bunday holatlarning 80 foizi import yoki savdodan emas, balki texnologiya va novatorlik hisobiga ishlab chiqarish sur’atining oshgani tufaylidir", - deydi u.

Jahon banki prezidenti nazarida proteksionizmdan hamma zarar ko’radi.

“Katta Yigirmalik sammitlarida ko’plab mamlakatlar rahbarlari proteksionizm, izolyatsionizm haqida xavotir bilan ko’p gapirgan”, - deydi Jim Yon Kim.

Xitoy 2000-yilda Jahon savdo tashkilotiga qo’shilganidan beri bu xavotirlar yanada kuchaydi. Arzon ishchi kuchi, Xitoyda ishlangan mollar eksportining oshishi natijasida Amerikada besh million odam ishlab chiqarishda ishsiz qolgani aytiladi. Vashingtondagi hukumat bu ishchilarga yordam bermaguncha savdoga qarshi kayfiyat so’nmaydi.

“Bu oxrigi 25 yilgi xato siyosat mahsulidir. Siyosatchilar savdo bitimlari oqibatida ishsizlar bo’lishini taxmin qilgan edi, ammo iqtisodiyotni jonli, kuchli deb o’ylashib, ishsizlar tabiiy ravishda joylashib ketishiga umid bor edi”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Uilyam Galston.

Savdo kelishuvlari amerikalik mashinasozlarning yaponiyalik hamkasblari bilan raqobatini kuchaytirishi aytilmoqda. Shuningdek, AQSh fermerlari tariflarning tushirilishidan foydalanib, Tinch okeani mamlakatlariga oziq-ovqat eksportini besh milliard dollarga oshirishga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG