Elektr quvvatida yuradigan avtomobillarga talab ortib bormoqda

  • Amerika Ovozi

Elektr quvvatida yuradigan avtomobillarga talab ortib bormoqda

Elektr quvvatida yuradigan avtomobillarga talab ortib bormoqda

Jahon bozorida neftning narxi oshib borar ekan, Amerika avtomobilsozlari kam yonilg’i talab qiladigan mashinalar ishlab chiqarishni keng yo’lga qo’ymoqda.

Buning uchun AQSh hukumati turli chegirma va imtiyozlar va’da qilmoqda. “Chevrolet Volt” bu sohada yetakchilik qilmoqda. Bu rusumdagi elektrik mashinaning boshlang’ich narxi qariyb 33 ming dollar.

Yil boshida prezident Barak Obama AQSh avtomobilsozlarini elektr tokida yuradigan mashinalarni ko’proq ishlab chiqarishga chaqirgan edi.

“Biz chegirma berishga tayyormiz. Tadqiqotlarga zo’r bering. 2015 yilga borib, ko’chalarimizda elektr quvvatida yuradigan bir milliondan ortiq mashina paydo bo’ladi",- degan edi prezident.

Yaqinda Vashingtonda o’tgan avtoko’rgazmada yangi avlod mashinalari ko’z-ko’z qilindi. Namoyishga qo’yilgan ulovlarni ko’rib dil yangraydi. Mahalliy hamda chet-el kompaniyalari qatnashgan bu shouda tejamkor hamda elektr tokida harakatlanadigan avtomobillar hammaning e’tiborida bo’ldi.

Chevrolet Volt

Chevrolet Volt

“Green Car Journal” nashri muharriri Ron Kogan AQShning “Ford” avto kompaniyasi qayta ishlab chiqargan “Focus” mashinasi tahsinga loyiq deydi.

“Ford” mashinasi 3-4 soat ichida kerakli energiyani yig’ib oladi.

Xaridorlarni xushnud qilgan yana bir mashina bu “Chevrolet Volt”.

“General Motors” kompaniyasi ishlab chiqargan bu mashina ham tokda yuradi. 2012 yilgacha mashinaning 45 mingtasi dunyo yuzini ko’radi.

“Hozircha “Chevrolet Volt” elektr tokida yuradigan mashinalarning eng yaxshisi deb aytsa boladi. Yangi texnologiya mashina harakatlanayotgan paytida ham tok ishlab chiqaradi”, - deydi advokat Jef Parmet.

U yaqinda “Chevrolet Volt” mashinasini sotib oldi. Dekabr oyidan beri bir tomchi ham yonilg’i quygani yo’q.

“Ko’pchilik hali ham elektr quvvatida yuradigan mashinalar haqida yaxshi bilmaydi. “Chevrolet Volt” - zo’r mashina. Tasavvur qiling, benzin quyish deyarli shart emas. Haydovchi uchun bu maza-ku”,- deydi u.

Ford Fusion Hybrid

Ford Fusion Hybrid

Jef Parmet mashina batareyasini o’z uyida maxsus moslama yordamida to’ldiradi. Bu bilan mashina 65 kilometr yura oladi. Elektr quvvati kamayib avtomobil sekinlasha boshlagach, benzinda ishlaydigan generator ishga tushib, batareyani zaryad qila boshlaydi. “Chevrolet Volt” shu tariqa to’xtamasdan 480 kilometr yo’l bosadi.

“Bu mashinani muhandislik mo’jizasi deb atasa ham bo’ladi. Yurishi, tezligi hammasi joyida. “Chevrolet Volt” kompaniyasiga qoyil. Bunday mashina yaratganlar baraka topsin. Juda minnatdormiz”,- deydi u.

“Chevrolet Volt” yurganda deyarli ovoz chiqarmaydi. Ko’chada shovqin bo’lmasa shamoldan boshqa narsa eshitmaydi odam. Jef Parmet mashinasida o’rnatilgan elektron oynalar, video kamera, navigatsiya tizimi va batareya indikatorlarini maqtaydi.

“E’tibor bersangiz, men gaz pedalini bosganimda elektr quvvati batareyadan o’tib g’ildiraklarni harakatga keltiradi. Gaz pedalini qo’yib yuborsam, elektr quvvati g’ildiraklardan qayta batareyaga kelib yig’iladi”,- deydi Jef.

Gibrid mashinalarni quvvatlaydigan vosita

Gibrid mashinalarni quvvatlaydigan vosita

“Chevrolet Volt” ning narxi oddiy benzinda yuradigan mashinalardan ikki baravar qimmat bo’lsa ham puliga arziydi deydi Jef Parmet.

“Biz neftga asoslangan transportlardan qutilishimiz kerak. Men bu mashinani aynan shu fikrni qo’llab-quvvatlashimni ko’rsatish uchun ham sotib olganman. Boshqalarga ham shuni maslahat beraman”.

Jef Parmet fikricha amerikaliklar toza energiyada yuradigan mashinalar qo’llashi uchun vaqt yetgan.

Mamlakat bo’ylab benzinsiz yuradigan mashinalar batareyalarini qayta quvvatlovchi markazlar ko’payib bormoqda. Mashina bozorida bu kabi ulovlarning narxi pasayib borar ekan, yaqin kunlarda Amerika yo’llari “Chevrolet Volt” kabi tokda yuradigan avtomobillarga to’lib ketsa ajabmas, deydi Jeff Parmet.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG