Xitoy joriy yilda dunyoning eng katta iqtisodiyotiga aylanishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Yangi tadqiqotning ko’rsatishicha, Xitoy va Hindiston iqtisodiyoti avval o’ylanganidan ko’ra tezroq o’sgan. Hisob-kitoblarga ko’ra, Xitoy dunyoning eng katta iqtisodiyoti sifatida shu yil oxirigacha AQShni quvib o’tishi mumkin. Bu ko’plab mutaxassislar taxmin qilgan muddatdan ancha ilgaridir. Ayni tadqiqot Hindistonning Yaponiyadan o’zib dunyoning uchinchi eng boy mamlakatiga aylanganini ko’rsatmoqda. Yangi hisob-kitobda faqat yalpi ichki mahsulot (YIM) miqdoriga e’tibor qaratilmasdan, balki uning xarid qilish qobiliyati ham hisobga olingan.
BMT qoshidagi Xalqaro qiyoslash dasturi dunyoning yetakchi mamlakatlari iqtisodiyotini o’rganishda yangi uslublarni tatbiq etmoqda. Shulardan biri “Xarid qilish qobiliyati tengligi” deb ataladi.

Britaniyadagi Uorvik universiteti professori Kamel Mellahiga ko’ra, bu uslub turli davlatlardagi mahsulotlarning nisbiy qiymatini aniqlashda qo’l keladi.

“U bir dollar pulning turli davlatlarda mahsulot va xizmatlarni sotib olishdagi qiymatini aniqlash imkonini beradi. Masalan, hamma, odatda, xarid qiladigan sut, yog’ va shakar kabi mahsulotlar yoki kinoga borish va soch oldirish kabi xizmatlarning turli mamlakatlarda qanchaga tushishi aniqlanadi”, - deydi iqtisodchi.

Shundan so’ng tadqiqotchilar xarajatlarning dollardagi qiymatini aniqlab, shu orqali iqtisodiyotlarni bir-biri bilan qiyoslaydi.

Yalpi ichki mahsulot bir mamlakatda ishlab chiqarilgan barcha mahsulot va xizmatlar qiymatini o’z ichiga oladi. Uni aniqlashda erkin bozordagi, ya’ni sayyohlar yoki eksport qiluvchilarga beriladigan pul ayriboshlash qiymatidan foydalaniladi.

Ammo bunda pulning asl qiymatini aniqlashga xalal beradigan omillar bor.

“Bankrate.com” sayti tahlilchisi Greg Makbraydning aytisicha, “xarid qilish qobiliyati tengligi” uslubi orqali ana shu omillar sabab bo’layotgan muammolarni bartaraf etish mumkin. Lekin bu uslubni men aniq o’lchovdan ko’ra, umumiy baho deb atagan bo’lardim, deydi u.

“Bu yerda xato bo’lishi ehtimoli katta. Shuning uchun natijalarning to’g’riligi shubhali”, - deydi u.

Jahon banki ma’lumotiga ko’ra, 2012-yilda Xitoyning yalpi ichki mahsuloti 8 trillion dollarga teng edi. AQShniki esa 16 trillion dollardan ortiq.

Professor Mellahining aytishicha, yalpi ichki mahsulot miqdorini aniqlashda ham muammolar bor.

“An’anaviy yalpi ichki mahsulot rivojlanayotgan mamlakatlardagi haqiqiy iqtisodiyot hajmini kam qilib ko’rsatadi, degan shikoyatlar bor. Chunki bunday davlatlarda yashash xarajatlari arzon”, - deydi Mellahi.

Nyu-Hevan universiteti professori, iqtisodchi Robert Reynishga ko’ra, xarid qilish qobiliyati tengligi an’anaviy yalpi ichki mahsulotni aniqlash yo’lidan afzal emas, balki shunchaki yangi bir usul, xolos.

“Ammo natija farqli chiqadi”, - deydi u.

Qaysi uslub qo’llanmasin, Xitoy va Hindiston iqtisodiyoti AQSh kabi rivojlangan mamlakatlarga qaraganda tezroq o’sayotgani haqiqat.

So’nggi ma’lumotga ko’ra, oxirgi uch oyda AQSh iqtisodiyoti 0,1 foiz o’sgan xolos.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG