Emomali Rahmon: Suv muammosini mintaqa davlatlari hamkorlikda hal qilishi kerak


Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon

Tailandda o’tgan xalqaro Suv forumida qatnashgan Tojikiston prezidenti mintaqa davlatlari o’rtasidagi hamkorlik qoniqarsiz holatda ekanini ta'kidlagan. Shuningdek, Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayevga ko’ra, “Qambarota-1” GESi haqida qo’shni o’lka rahbari Islom Karimovga noto’g’ri axborotlar taqdim qilinmoqda. Avvalroq, Islom Karimov suv bo’yicha ziddiyatlar mintaqada urushga sabab bo’lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Bu bayonot ortidan hududda suv ta’minotiga bog’liq ziddiyatlar hamon qaltisligicha qolmoqda.

Bishkekda MDH jurnalistlari bilan o’tgan uchrashuvda Qirg’iziston prezidenti “Qambarota-1” GESiga alohida to’xtalib o’tgan. Atambayevga ko’ra, bu loyihani amalga oshirishdan daryoning quyi qismida joylashgan davlatlar - Qozog’iston va O’zbekiston ham birdek manfaatdor bo’ladi.

Qozog’iston loyihaga qo’shilishini bildirgan. O’zbekiston esa unga qarshi. Atambayev buning sababini Islom Karimovga loyiha haqida xolis axborot taqdim etilmayotganida ko’radi.

“Menimcha, unga (Islom Karimovga) bu borada to’liq haqiqatni yetkazishmaydi, turli tahdidlarni bo’rttirib ko’rsatishadi. Biz Qambarota-1 loyihasida O’zbekistonni ham ko’rishni xohlaymiz. Chunki bu loyiha, avvalo, Farg’ona vodiysi ehtiyoji uchun kerak ”, - deydi Atambayev.

Qirg’iziston rahbari, shuningdek, O’zbekiston bosh vaziri o’rinbosari bilan avvalroq o’tgan uchrashuvda loyiha tafsilotlari o’zbek tomoniga taqdim etilganini aytgan.

O’zbekiston mintaqada elektr energiyasi taxchilligini yirik to’g’onlar bilan emas, kichik hajmdagi GESlar qurish orqali hal etish kerak, degan fikrda.

Rasmiy Toshkent Qirg’iziston va Tojikiston Rossiya bilan hamkorlikda mintaqa suvi ustidan nazorat o’rnatishi mumkinligidan tashvishda.

Islom Karimov suv bo’yicha ziddiyatlar hatto urushga ham sabab bo’lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Bu bayonot ortidan masala Qirg’izistonda jiddiy munozaraga ham sabab bo’lib, hatto parlamentda muhokama ham qilingan edi.

Siyosatshunos Farhod Tolipov mintaqada suv yuzasidan urush chiqishi ehtimolini inkor qiladi, biroq energetika manbalari nazoratining Moskva qo’liga o’tishini qaltis vaziyat sifatida baholaydi. Hududda Rossiya harbiy qudratining yana oshayotgani O’zbekiston uchun tahdidlidir, deydi u.

“Hozir mintaqa keskin geosiyosiy o’zgarishlar avjga chiqayotgan paytda turibdi. Rossiyaning bu yerda faollashuviga asosiy sabab ham shunda. Energetika, harbiy bazalar bo’yicha erishilgan kelishuvlar ham aslida O’zbekiston manfaatlariga zid”, - deydi Tolipov.

Moskvaga ko’ra esa, norozi tomonlar, jumladan, O’zbekiston ham “Qambarota-1” loyihasiga qo’shilishi mumkin. Bu haqda harbiy va energetik shatnomalarni imzolash uchun Bishkekka kelgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham aytgan edi.

“Xavotirga o’rin qolmasligi uchun bu loyiha amaliyotiga mintaqadagi barcha manfaatdor tomonlar jalb etilishi kerak. Biz Qozog’iston ham, O’zbekiston ham unda ishtirok etishi tarafdorimiz. Qirg’iziston ham xuddi shunday pozitsiyada. Nima bo’lganda ham, biz barcha xavotirlar, xususan, O’zbekiston tomoni bildirayotgan tashvishlarni o’rganib, birgalikda muammoni hal etishimiz kerak”, - deydi Putin.

Suv masalasida O’zbekiston va Tojikiston munosabatlari yanada keskinlashgan. Toshkent va Dushanbe o’rtasidagi muzokaralar shu ziddiyatli nuqtada to’xtagan. O’zbekiston Rog’un Gesining qurilishiga keskin qarshi.

Tailanddagi xalqaro Suv forumuda ma’ruza qilgan Tojikiston prezidenti mintaqada suv tanqisligi tobora kuchayib borar ekan, muammoni hal qilishda hududdagi davlatlarning o’zaro hamkorligi qoniqarsiz qolayotganini bildirgan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG