Nyu-York markazidagi otishmada ikki kishi halok bo'lgan

  • Amerika Ovozi

24-avgust, Nyu-York

24-avgust, Nyu-York

Nyu-York shahrining eng ko’zga ko’ringan imoratlaridan biri “Impayer Steyt Bilding”da otishma sodir bo’lib, ikki kishi o’lgan. To’qqiz odam politsiya o'qidan, hujumchi bilan otishma paytida, yaralangan. Shahar ichki ishlar boshqarmasi buni tan olmoqda.

Hujumchi 58 yoshli amerikalik Jeffri Jonson, Nyu-Yorkning o’zida, Manxattan orolida yashagan.

Shahar politsiya boshlig’i Raymond Kellining ma’lum qilishicha, Jonson “Hazan Imports” nomli firmada dizayner bo’lgan. O’tgan yilning oxirida ishdan bo’shatilgan.

“Firma oldida bir sobiq hamkasbi bilan janjallashar ekan, pistoletini chiqarganda 41 yoshli bu shaxsni peshonasidan otgan”, - deya tasvirlaydi politsiyachi.

Voqea joyiga darhol yetib kelgan ichki ishlar xodimlari boshqalarga hujum qilmasin deb Jonsonni o’qqa tutgan. U o'lgan.

Nyu-York meri Maykl Blumberg - qurolga egalik qilishga qa’tiyan qarshi arbob. Shahar ahlidan kechagi voqeadan tegishli xulosa chiqarishni so’ramoqda.

Nyu-Yorkda jinoyat ko’lami keyingi yillarda ancha kamaygan, ammo qurol sotib olish oson ekan va uning kontrabandasi ham keng tarqalgan ekan, bunday fojialarning oldini olish qiyin, deydi mer.

Kechagi jinoyat yuz bergan bino “Impayer Steyt Bilding” – balandligi 444 metr va 103 qavatli koshona. Uning eng tepasiga chiqib, ochiq balkondan butun shaharni tomosha qilish mumkin. Har yili to’rt million odam keladi bu imoratga chiqish uchun.

Daniyadan kelgan sayyoh, Patrik ismli talaba, otishmadan dahshatga tushganini aytadi. Lekin, deydi u, Amerikada bu yangilik emasdek tuyuladi, chunki so’nggi ikki oyda bir necha joyda shunday hujumlar yuz berdi.

Iyul va avgust oyida Kolorado, Viskonsin va Texas shtatlarida jamoatchilik joylarida qo’liga qurol olgan shaxslar ommaga hujum qilgan edi. 20 ga yaqin odam o’lgan.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG