Farg'ona vodiysidagi anklav-eksklavlarda vaziyat qanday?


Farg'ona vodiysida to'qqizta anklav-eksklav bor

Farg'ona vodiysida to'qqizta anklav-eksklav bor

Farg’ona vodiysida to’qqizta anklav-eksklav bor. Davlat chegaralaridan uzoqda bo'lsa-da, unga tegishli parchalar. Atrofini o’ragan mamlakat uchun bu yer anklav bo’lsa, uni o'z hududi deb hisoblovchi davlat uchun eksklav. Dunyodagi eng yirik anklav-ekslav So’x bo’lib, taxminan 70 mingga yaqin aholisining 90 foizidan oshig’i tojik. So'x O'zbekistonniki, ammo Qirg’izistonda.

Bu parchalar, oddiy qilib aytganda, Sovet davri sarqitlari. Ularni kichik orollar desak ham bo’ladi, lekin dengizda emas, O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’iziston ichkarisida. Farg’ona vodiysi bu mamlakatlarni qamrab, uch elatni ko’p jihatdan bir-biriga tobe qilib qo’ygan. So’x buning yaqqol isboti. Tojiklar yashovchi hudud O’zbekistonniki, lekin Qirg’iziston ichida.

O’zbekistonning besh eksklavi bor, hammasi Qirg’izistonda: So’x, Shohimardon, Qalacha (Chon Gara, Shimoliy So’x), Tayan va Jani- Ayil (Yangi qishloq). So’x 315 kvadrat kilometr hududga ega, Shohimardon esa 90 kvadrat kilometr. Qolganlari juda kichik.

Qirg’izistonning O’zbekistonda bitta eksklavi bor, Marg’ilon va Farg’ona shaharlari orasida: Barak, 627 nafar aholiga ega, asosan qirg’izlar.

Tojikistonning O’zbekistonda bitta, Qirg’izistonda esa ikkita eksklavi mavjud. O’zbekistondagi Sarvan 8 kvadrat kilometr maydonni qoplaydi. Qirg’izistondagi Vorux ancha katta, 130 kvadrat kilometrni egallaydi va 30 mingga yaqin aholiga ega. 95 foizi tojiklar, qolgani qirg’izlar. G’arbiy Qalacha ham Qirg’izistonda, juda kichik, asosan tojiklar istiqomat qiladi.

Anklav-eksklavlarda yashaydiganlar tub aholi, ya’ni yaqin o’tmishda qayerdandir ko’chib kelmagan. Vorux ahli, masalan, o’zini hatto Tojikistondagi tojiklardan ham o’zgacha deb hisoblaydi va butun tarixi shu hudud bilan chambarchas bog’liq ekanini aytadi. So’xdagi tojiklardan va Shohimardondagi o’zbeklardan ham shunday da’volarni eshitasiz.

Bu hududlar hayoti va muammolarini o’rganib kelayotgan ekspertlarga ko’ra, chegaralar juda mujmal. Davlatlar anklav-eksklavlar haqida gap ketganida, 1926, 1950-yillar va 1990-yillarda yaratilgan xaritalarga ishora qiladi. Izlanishlar shuni ko’rsatadiki, chegaralar aniq belgilanmagan. Arxivdagi ma’lumotlar yuridik asos deb qarashga arzimaydi, deydi ism-sharifi aytilmasligini iltimos qilgan olimlardan biri.

Shohimardon, O'zbekiston hududi lekin atrofi Qirg'iziston bilan o'ralgan

Shohimardon, O'zbekiston hududi lekin atrofi Qirg'iziston bilan o'ralgan

So'x, O'zbekiston hududi lekin atrofi Qirg'iziston bilan o'ralgan

So'x, O'zbekiston hududi lekin atrofi Qirg'iziston bilan o'ralgan

Anklavlar hukumatlar uchun doimiy boshog’riq lekin siyosiy bosim o’tkazish uchun vosita hamdir. Bir-biri bilan ko'plab masalalarda chiqisha olmaydigan hukumatlar alamni shu hududlar aholisi hayotini qiyinlashtirish bilan oladi. O’zbekiston o’z eksklavlaridagi aholini pasport bilan ta’minlab qo’ygan va xavfsizlik organlari u yerdagi vaziyatni ko’zdan qochirmaydi.

Shunga qaramasdan, deydi mutaxassislar, anklavlar ko’p jihatdan boshqaruvsiz lekin qattiq nazorat ostidagi hududlar. Vatandan uzoqda ekani uchun mahalliy hokimiyatlarda mas’uliyat hissi juda past. Ta’minot va iqtisod chatoq. Sog’liqni saqlash va ta’lim sohalari ham qoloq. Tirikchilik juda qiyin. Kirib-chiqish murakkab ekanligi uchun savdo bag’oyat sust. Zarur mahsulotlarni ko’p hollarda noqonuniy bizneslar olib keladi. Poraxo’rlik va korrupsiya keng qanot yozgan. Taraqqiyotda biror anklav-eksklav oldinda deya olmaymiz, tirikchilik hammasida birdek og’ir, deydi “Amerika Ovozi” bilan anonim tarzda gaplashgan mahalliy tadqiqotchi.

Muammolarni hal etish markaz zimmasida. U yerda esa buning uchun siyosiy iroda yo’q. Bo’lganida, demarkatsiya, chegaralarni qayta belgilash uchun muzokaralar to’xtab qolmagan bo’lar edi, deydi olim. Muammo anklavlar mavjudligida emas, ularda kun kechirish tobora qiyinlashib borayotganida, deydi suhbatdosh. Aholi uchun imkoniyatlarni oshirishning bitta yo’li bu ularga ikki fuqarolik uchun ruxsat berish. Hozir odamlar ikki tomonlama bosim va tazyiq ostida. O’zbekiston chegaralarni minalagan, keyinchalik ularni tozalashga tushgan, ammo hududda har yili o’nlab odamlar halok bo’ladi.

Yevropada anklavlar muammosi mintaqaviy integratsiya orqali hal etilgan. Markaziy Osiyoda ham bunga erishish mumkinmi? Albatta mumkin, deydi mutaxassis, davlatlarning irodasiga bog’liq xolos.

Shohimardon singari atrofi Qirg’izistonning Botken viloyati bilan o’ralgan, biroq Farg’ona viloyati tumanlaridan biri bo’lmish So’x aholisi, masalan, O’zbekistonga borib kelishi uchun, tabiiyki, o'zga davlat hududidan o’tadi. Bu esa bir necha bekatli, pora va ko’p hollarda yalinib-yolvorishni talab qiladigan jarayon. O’zbekiston fuqarolari ona yurtiga borish uchun qo’shni davlatdan ruxsat olishi kerak, deya tushuntiradi So’xdan Arslon Nuriddinov. Bu maskan, deydi u, jannatning bir bo’lagi.

“So’xning geografik joylashuviga qarab, uni orol deyish mumkin. To’rt tarafi Qirg’iziston, tog’lar orasida joylashgan. Uning buloqlari, soylari, bog’iga kirsangiz jannatiy mevalari, tog’ga chiqsangiz shifobaxsh giyohlari, ko’kka talpingan archalari, rango-rang gullariyu betakror tabiati…”

Nuriddinov nazarida So’x o’tgan yillar ichida ancha rivojlandi. Suhbatdoshimiz bunyodkorlik, yangi ish o’rinlari, iqtisodiy imkoniyatlar haqida to’lqinlanib gapiradi. So’x mevalaridan mahsulotlar ishlab chiqarish, tog’-toshdan qurilish materiallari yaratish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik singari sohalar taraqqiy etayapti, ularga yoshlar jalb etilmoqda, deya hikoya qiladi Nuriddinov.

Tinchlik va osoyishtalik eng muhimi, albatta, shuningdek, odamlarning dunyoqarashi ham o’zgardi, deydi u.

“So’xliklar vatan qadrini boshqa o’zbekistonliklarga qaraganda ko’proq his qilishadi. Chunki ular har kuni Qirg’iziston hududidan o’tayotib vatan nima, vatan qadri nima, vatanparvarlik nima, qonun nima – bularni tushunib yetadi va yaqqol his qiladi. So’xdan viloyat markaziga borib kelish uchun bir necha chegara postidan o’tishga to’g’ri keladi. Mana shunday qish-qirovli kunlarda Qirg’iziston chegara postlari oldida turnaqator bo’lib navbat kutayotgan odamlarni ko’rib, o’zimiz shu safning ichida bo’lsak ham, rahmimiz keladi. Nahotki inson bolasi shunchalik qiyinchiliklarga mahkum bo’lsa… Nahotki hayot shunday davom etsa?”

So'x O'zbekistonniki lekin Qirg'izistonda

So'x O'zbekistonniki lekin Qirg'izistonda

Arslon Nuriddinov yulg’ichlik, huquqbuzarlik va insofsizlik chuqur ildiz otgan bir muhitni tasvirlab beradi. Bunda u Qirg’iziston hukumatini ayblaydi. Tuzum juda zaif va noshud, deydi u. Uning fikricha, O’zbekiston oradagi kelishuvlarga amal qiladi, biroq Qirg’iziston anklav ahli taqdiriga befarq.

“Axir bu yerda ota-bobolarimiz ming yillardan buyon ahil-inoq, do’st-birodar, quda-anda bo’lib yashamaganmi? Bir marta Farg’onaga borib kelsa odam, nazarimda, uch kun umri qisqaradi, asabbuzarliklar natijasida. Adashib, huquqingizni talab qilsangiz, holingizga maymunlar yig’laydi. Hech kim sizni qutqara olmaydi, hech kim. Yo panjara orti yo otning kallasidek pul. Mashinada o’tib ketayotgan bo’lsangiz, oddiy uchastkovoy to’xtatib pul oladi. E’tibor bering, qaytarib aytaman: uchastkovoy mashinani to’xtatib, pul oladi.”

Vodil (chegara posti) qirg’izlar uchun ochiq, deydi Nuriddinov. Ular bemalol harakat qiladi, hech kim tekshirmaydi. Lekin qirg’izlar O'zbekiston fuqarolariga nisbatan hatto xalqaro qonunlarga binoan ham muomala qilmaydi, kirdi-chiqdi qoidalari buziladi, deya shikoyat qiladi bu so’xlik.

“Inson sifatida u yoqda tursin, boshqa mamlakat fuqarosi sifatida huquqingizni himoya qila olmaysiz. Ming haq bo’ling, lekin befoyda. Yana bir narsa: bugun So’xda hali ham aniq bo’lmagan chegara hududlari bor. O’sha yerda O’zbekiston fuqarolariga Qirg’izistonning ayrim odamlari tomonidan bu davlat fuqaroligini olish bo’yicha takliflar bo’lmoqda. Lekin So’x fuqarolari bunga ko’nmayapti. Qabul qilmaydi ham. Chunki ular So’xni ota-bobosining yeri, merosi, O’zbekiston hududi deb biladi. Va har qanday sharoitda O’zbekiston fuqarosi bo’lib qolishni istashadi.

So’x aholisi, deydi Arslon Nuriddinov, tojik bo’lsa-da, o’z kelajagini O’zbekiston bilan ko’radi. Vaziyatni yaxshilash, odamlar hayotini osonlashtirish, bu kuzatuvchi nazarida ham siyosiy irodaga bog’liq.

"Ilgari ba’zi mahsulotlar So’xga tadbirkorlar va davlat tashkilotlari tomonidan erkin olib kelingan bo’lsa, bugun buning imkoni yo’q. Hozir un yoki yog’, masalan, viloyat markazidan kolonnada, markazlashgan holda, olib boriladi. Qishloq xo’jaligi va boshqa mahsulotlar So’xning o’zida yetishtiriladi. Bir narsani ishonch bilan aytaman, agar So’xga bordi-keldi masalasi hal etilsa, bu yer O’zbekistonning eng rivojlangan, obod maskaniga aylanadi. Bu masala bugun hukumatlarga bog’liq. O’zbekiston bu borada aniq pozitsiyaga ega, Qirg’iziston aniqlab olsa bo’ldi. Olam guliston”.

So'x, O'zbekiston

So'x, O'zbekiston

So'x, O'zbekiston

So'x, O'zbekiston

So'x, O'zbekiston

So'x, O'zbekiston

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG