Mahalliy siyosatchilar: Ingliz tili Amerikada yagona rasmiy til bo'lmasligi kerak

  • Amerika Ovozi

AQShda 50 shtat bo’lsa, uning yarmidan ko’pi ingliz tilini rasmiy yoki yagona til deya tan oluvchi qonunlarga ega. Shahar va tumanlar ham bu borada o’z qonunlarini qabul qilishi mumkin. Ayrimlar deydiki, bitta til bilan millionlab dollar asrab qolinmoqda, qog’ozbozlik kam. Qarshilar fikricha esa muhojirlar manfaatlari chetga surilmoqda, xuddi ular bu yerga kerakmasdek; inglizchani yaxshi bilmaydiganlarga juda qiyin.

Merilend shtatining Frederik tumani AQSh poytaxtidan 70 kilometr narida. 250 mingga yaqin aholining 80 foizi oq tanli. Immigrantlar ham kam emas, aksariyati Lotin Amerikasidan.

Hokimiyat faqat ingliz tilida faoliyat yuritishi shart degan qonun 2012-yilda qabul qilingan. Masala o’shanda qizg’in muhokamadan o’tgan.

Qarshi tomonning pozitsiyasi o’zgarmagan, ya’ni bir tillik aholi talablarini hisobga olmaydi, real vaziyatga ko’z yumadi, muhojirlarni kamsitadi.

“Bu qaror bilasizmi nima degani? Muhojirlar, hujjatsiz yoki hujjatli, Frederik tumanida xushlanmaydi, ular kerakmas, degani”,- deydi immigrant faol Rey Garza.

Osiyoliklar markazi rahbari Elizabet Chang ham norozi.

“Faqat inglizcha deb alohida talab qilishning o’zi shunday tasavvurdan darakki, bu yerda ingliz tilini bilmaydigan odamlarga joy yo’q. Bu noto’g’ri”,- deydi u.

2014-yilda tuman kengashiga saylangan Jessika Fitzvoter bu qonunni bekor qilish kerak deya harakat boshladi.

“Bu hujjat immigrantlarga qarshi kayfiyat kuchaygan bir pallada qabul qilingan. Kerak emas aslida”, - deydi Fitzvoter.

Kengashning yana bir a’zosi Billi Shriv esa bu qonun muhojirlarga qarshi emas, deydi. Tarjima va byurokrartiya uchun ketgan mablag’ boshqa zarur sohalarga sarflanmoqda. Hamma bir tilda aloqa qilsa, nimasi yomon, deydi u.

“Asosiy gap shundaki, Frederik tumani bir tilda ishlaydi. Lekin siz boshqa bir tilda muloqot qilmoqchi bo’lsangiz, masalan, biror kompaniya yoki tashkilot, harajatni o’zingiz qoplaysiz, tuman emas”,- deydi Shriv.

Jessika Fitzvoter singari siyosatchilar bunga ishonmaydi.

“Bu masala muhokama qilinganida eng ko’p yangragan iddao shu bo’ldiki, ingliz tili xavf ostida, ajnabiylar kelib uni buzayapti yoki umuman inglizcha so’zlamayapti. Shu bois ayrim siyosatchilar inglizchani himoya qilish kerak deb shunday qaror qabul qilishdi”,- deydi deputat.

Jessika Fitzvoter boshchiligidagi harakat samara berib, yagona til haqidagi qonun bekor qilindi.

“Biz dunyoqarashi keng, madaniy xilma-xillikni xushlaydigan, bag’rikeng tumanmiz. Nafaqat inglizcha, balki boshqa tillarni ham biladigan odamlar uchun eshigimiz ochiq”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG