Silikon vodiysida muvaffaqiyat qozongan tadbirkor

  • Amerika Ovozi

Kaliforniya shtatidagi Silikon vodiysi - texnologiya markazi, kashfiyotchilar makonidir. Bu yerda joylashgan kompaniyalar turli xil sohalarda ixtisoslashgan bo’lsa-da, shaffoflik va fikrlar almashinuvini qadrlaydi.

Dunyoning ko’pgina qismlarida buni ko’rmaysiz. “Amerika Ovozi” Kaliforniyada o’z ishini boshlagan tadbirkor bilan suhbatlashdi.

Asli kolumbiyalik Tanya Zapata Silikon vodiysida muvaffaqiyat qozongan ishbilarmonlardan. O’z kompaniyasini ochishi oson bo’lmadi.

“Oldin radioda ishlaganman. Dublyaj sohasida biznes boshlashga qaror qildimu bu sanoat juda murakkab ekanini bildim. Mening ovozimga ehtiyoji bo’lgan odamlarga to’g’ridan-to’g’ri chiqish qiyin”, - deydi u.

Mukammal bir tizim yaratish kerak, deya Zapata 13 yil oldin turmush o’rtog’i bilan kompaniya ochdi. Ovoz beruvchi aktyorlarni mijozlar bilan bog’laydi. Vaqt o’tishi bilan bizneslari rivojlanib, bugun xizmat doirasi kengaygan. “Torre” nomli internet sahifasi bor. Nafaqat dublyaj, balki kunostudiyalarga ssenarist va tarjimonlarni topib berish bilan ham shug’ullanadi.

“Kompaniyani yakka holda boshlash qiyin. Boshida o’zimiz uddalaymiz deb harakat qildik, birovdan yordam so’ramadik. Xatolar ko’p bo’ldi, mutaxassislarni yollashga to’g’ri keldi. Ishni bir guruh bo’lib olib borgan ma’qul”, - deydi Zapata.

Silikon vodiysida ishbilarmonlar va yangi kompaniyalar bir-biri bilan maslahatlashadi, bir-biridan o’rganadi va yordam beradi. Shunday madaniyat shakllangan. Lotin Amerikasida, xususan, Kolumbiyada bunday an’ana yo’q, deydi suhbatdosh.

“Vatanda hech kim birovdan yordam so’ramaydi. “Yo’q” degan javob olamiz deb o’ylaymiz, shuning uchun murojaat ham qilmaymiz. Xato yondashuv bu”, - deydi ishbilarmon.

Ushbu tajriba unga saboq bo’ldi. Hozir u rivojlanayotgan davlatlarda endi oyoqqa turayotgan firmalarga moliyaviy yordam beradi.

“Yordamimiz tegsin deymiz. Tajribamiz, bilganlarimiz bilan bo’lishamiz. Kerakli odamlar bilan aloqa o’rnatib beramiz. Toki bu yosh kompaniyalar biz qilgan xatolarni takrorlamasin”,- deydi Taniya Zapata.

Kolumbiyalik tadbirkor boshqalarning mushkulini oson qilsak, yaxshilikni qaytarsak, hayot shunisi bilan mazmunli, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG