Kaliforniya portlari - Osiyoga darvoza, lekin tabiati muammo

  • Amerika Ovozi

Tinch okeani sohiligidagi yirik portlar - Osiyoga darvoza

Tinch okeani sohiligidagi yirik portlar - Osiyoga darvoza

Dengiz porti deganda ko’z oldimizga oppoq yelkanli ulkan kemalar, baland machtali bahaybat kreyserlar keladi. Ammo portlar eng iflos joylar sirasiga kirishini kamdan-kam odam o’ylasa kerak. AQSh g’arbidagi Kaliforniya shtatida havodagi zaharli moddalarni kamaytirish maqsadida yangi tartib-qoidalar joriy etilmoqda.

Los Anjeles - AQShning ikkinchi eng katta shahri. Shu bilan birga, havosi eng iflos joylardan biri.

“Amerikadagi eng zaharlangan shahar degan nomimiz bor”, - deydi Los Anjeles porti xodimi Kristofer Patton.

Bu yerda joylashgan ikki yirik bandargoh bunga sababchi. So’nggi besh yilda atmosferani tozalashga qaratilgan jiddiy ishlar olib borilayapti.

“Xitoy, Koreya va Yaponiyada ham bu masalaga e’tibor kuchli, chunki ekologiya zaharlanishi - umumjahon muammo. Sanoati rivojlangan davlatlarda turmush darajasi yaxshilanib, odamlar ko’proq mahsulot xarid qiladi. Demak, import va eksport hajmi oshadi. Natijada ekologik muammolar ham ko’payadi”, - deya qo’shadi Kristofer Patton.

“Yuk tashuvchi kemalar – eng katta tahdid”, deydi Long Bich bandargohi xodimasi Xezer Tomli. “Havodagi zaharli gazlarning 50 foizi kemalardan chiqadi”.

Kaliforniyada tabiat muhofazasiga qaratilgan bir qancha yangi qonunlar qabul qilingan. Masalan, qirg’oqqa 44 kilometr qolganida kemalar tozaroq yonilg’iga o’tishi shart. Okean va Atmosfera bo’yicha boshqarma ma’lumotiga ko’ra, bunday talab zaharli gazlar hajmini 90 foizga kamaytirgan.

Ammo shikoyat shuki, ko’plab kemalar toza yonilg’iga moslanmagan. “Motorni ishdan chiqaradi, shiningdek, kemani boshqarishda muammolarga olib keladi”, - deydi kapitan Mark Koins.

Shunga qaramasdan, 2012-yildan boshlab Shimoliy Amerika qirg’oqlaridan 370 kilometr masofada bo’lgan barcha kemalar tozaroq yonilg’iga o’tishi kerak bo’ladi. Xalqaro Dengiz tashkilotining talabi shu.

Endilikda Kaliforniya qonunlariga muvofiq, ayrim rusumdagi kemalarga shtat portlariga yaqinlashayotganda elektr sistemasiga bog’lanib, tokda ishlash imkoni beriladi. Masalan, Shanxay portida aynan shunday sistema yo’lga qo’yilgan.

O’xshash talablar yuk tashuvchi mashina va boshqa vositalarga nisbatan ham qo’llaniladi.

“Maqsad - inson salomatligi va tabiatni asrash”, - deydi Long Bich porti rasmiysi Xezer Tomli.

Kelasi bir necha yil ichida Los Anjeles va Long Bich portlarida elektr tokida ishlaydigan kemalar paydo bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG