Vashingtonda ekologik kino festival

  • Amerika Ovozi

Vashingtonda ekologik kino festival

Vashingtonda ekologik kino festival

Yaqinda Amerika poytaxtida ekologik kinofestival bo’lib o’tdi. Vashington ahli ikki hafta davomida 40 davlatdan yo’llangan 150 hujjatli, badiiy va multiplikatsion filmlarni tomosha qildi. Shaharning o’nlab kinoteatrlarida qo’yilgan bu asarlar insoniyatga “tabiatni asrang” deya eslatadi.

Rangdor qush kolibri haqidagi hujjatli filmdan tortib, qurib, ifloslanib borayotgan okeanlar, g’oyib bo’layotgan o’rmonlargacha. Festivalda yo’q mavzuning o’zi yo’q. Bu yilgi tadbirning asosiy mavzusi – energetika muammosidir. Neft va gaz uchun kurash, insoniyatning tuganmas ehiyoji va buning tabiatga ta’siri haqida xilma-xil filmlar namoyish etildi.

Festival go’liblaridan biri -- shvveysariyalik rejissyor Mark Volfensberger. “Qora shahar” filmida u dunyodagi ilk va eng yirik neft platformasi haqida hikoya qiladi.

Festival asoschisi va direktori Flo Stoun so’zlariga qaraganda, kartinada 1949 yilda Sovet Ittifoqi qurgan shahar haqida so’z boradi. Mohirona suratga olingan asar, deydi u.

“Kaspiy dengizida Stalin bunyod etgan katta shahar hali ham bor. Ko’p qavatli binolar turnaqator bo’lib turadi, neft quduqlari ham turibdi. Juda yaxshi ishlangan film. Ko’p odamlardan intervyular olingan, arxivdagi suratlar qo’llangan”.

Qora oltin mavzusida yana bir necha kinoasar bor. “Quvur” kartinasi Irlandiyaning yam-yashil sohillari bo’ylab yotqizilgan neft quvuri va uning dehqonlar, baliqchilar hayotini naqadar o’zgartirib yuborgani haqida.

Festival tarkibiga kirgan 150 film orasida animatsion kartina, ya’ni multfilmlar ham, arxiv materiallari va antiqa asarlar ham yo’q emas. 40 dan ziyod davlatdan kino ustalari qatnashgan.

“Afrika haqida ko’proq kinolarimiz bo’lsa derdim. Bor albatta, lekin kam. Butun mintaqani qamray olmadik. Kelasi yil shunga e’tibor beramiz”, - deydi Flo Stoun.

“Oq sher” kartinasini hech xayolimdan ketmaydi. Rejissyor Maykl Svan ishlagan filmni ko’rib, Janubiy Afrika yovvoyi tabiati, hayvonot olamini himoya qilging, jamiki xavfdan pana qilging keladi. Nodir bir oq sher zoti haqida film. Afrika afsonalarida uni xudolar elchisi deb atashadi. Lekin jonivor hayotda o’rmonzor, yovvoyi tabiat sinovlaridan-da xavfli dushman bilan yuzlashadi – uning terisiga ishqiboz ovchilar bilan.

Shved kino ustasi Stefan Yarl yaratgan “Submission” filmi festival javohirlaridan. Unda biz kunda duch keladigan 100 mingdan ziyod kimyoviy modda, elementlar sinchiklab o’rganilgan.

“Birgina pomidorda 12 xil zaharli modda aniqlandi. Garimdorida esa naqd 29 ta”, - deydi Yarl.

Kino muallifi har xil davlatlardan olimlar bilan suhbatlashgan. Biolog Stefan Edman ana shulardan biri.

“Otilay-otilay deb turgan vulqonda o’tirgandaymiz. 1940-50 yillardan yiliga bir million tonna, hozir esa 500 million tonna kimyoviy modda qo’llaymiz”, - deydi Edman.

Rejissyor Stefan Yarl uchun bu qaysidir ma’noda shaxsiy inqilob, sayohat hamdir. Mavzu ustida izlanib, sanoat sohasidagi kimyoviy moddalar va ularning zararini o’rganar ekan, o’z salomatligi haqida qayg’urib qoldi.

Filmni tugatdi-yu, shifokor ko’rigiga borib, qon analizi topshirdi. Do’stlariga ham shuni tavsiya qildi. Uning filmi odamlar og’ziga tushdi, qator davlatlarda shuhrat qozondi. Kartina taqdimotidan keyin Shvetsiya hukumati mahsulotda qo’shimcha sun’iy moddalarni kamaytirish uchun to’rt yillik dastur boshladi. Ayniqsa, bolalar mahsulotlari diqqat markazida.

“Chaqaloqlar organizmida 300 dan ziyod zararli, kimyoviy element bor bugun. O’quvchilarning 15 foizida asab kasalligi aniqlangan”, - deydi Yarl.

Festivalda odamni xursand qiladigan asarlar ham yo’q emas. Masalan Vashington yaqinidagi bog’lar haqida hikoya qiluvchi film.

Prodyuser Sintiya Kabibning aytishicha, bu bog’lar meva-cheva, sabzavot yetkazibgina qolmay, dam oladigan, bolalarni tabiatni ardoqlashga o’rgatadigan, muhojirlarga esa vatanni eslatadigan maskanlar.

“Amerikada bunaqangi bog’lar, mevazorlar ko’p. Vashington va uning atrofida yashovchi deyarli har bir oila shu kabi ajibgina bog’ barpo etishni orzu qiladi”, - deydi Kabib.

Atrof-muhit haqidagi filmlar festivali har yili o’nlab ming mehmonni o’ziga jalb etadi. Ikki hafta mobaynida kinodan tashqari, ma’ruzalar ham taklif qilinadi. Taniqli olimlar va rejissyorlar tomoshabin bilan suhbat quradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG