Erdog'an Turkiyaga yangi respublika va'da qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdog'an (o'ngda) va Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'li Anqarada, 29-avgust, 2014-yil

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdog'an (o'ngda) va Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'li Anqarada, 29-avgust, 2014-yil

Turkiyada 10-avgust kuni o’tgan prezident saylovlarida g’alaba qozongan sobiq bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an yangi lavozimda ishni rasman boshladi. G’alaba nutqida Erdog’an yangi Turkiya haqida gapirdi, mamlakatdagi barcha guruhlar manfaatini himoya qilishga tayyor ekanini aytdi. Shu bilan birga yangi prezident konstitutsiyaga jiddiy tuzatishlar kiritib, o’z mavqeini kuchaytirishi kutilmoqda.

Prezident Erdog’an o’tgan hafta ilk bor bu lavozimda xalqqa murojaat qilib, Turkiyani yangi yo’ldan olib borishga, uni yangilashga so’z berdi.

Sobiq bosh vazir, shuningdek, Kurdiston ishchilar partiyasi jangari guruhi bilan tinchlik muloqotini davom ettirishga, mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lish harakatlarini jonlantirishga tayyor ekanini aytdi.

Erdog’an 1971-yilda greklar va turklar o’rtasida bo’lingan Kipr orolini birlashtirishga ham harakat qilishini bildirdi.

Bryusseldagi Karnegi jamg’armasida turk tahlilchisi Sinan Ulgenning aytishicha, agar Erdog’an aytgan so’zlarining ustidan chiqsa, uning o’tgan yili namoyishchilarga qarshi zug’umi oqibatida xorijda putur yetgan obro’si tiklanadi.

"Erdog’an ikki masalada muvaffaqiyatga erishsa, yana hurmat qozonadi. Birinchisi, kurd masalasi, ikkinchisi esa Kipr muammosi. Agar ulardan birini yoki ikkisini hal eta olsa, Erdog’an xalqaro sahnada boy bergan ishonchni qayta qozonishi mumkin bo’ladi", - deydi Ulgen.

Kuzatuvchilarga ko’ra, uning obro’si tushganini o’tgan hafta qasamyod marosimida G’arbiy Yevropadan biror rahbar ishtirok etmaganidan bilsa bo’ladi.

Xalqaro aloqalar bo’yicha yana bir turk mutaxassisi Soli O’zel Turkiya tashqi siyosatida o’zgarish bo’lishiga umid qiladi. Masalan, Iroq va Suriyada jihodchilar safiga qo’shilayotgan ko’ngillilarning Turkiya hududidan o’tayotganiga Anqara ko’z yummoqda degan G’arb mamlakatlari xavotirlariga Erdog’an barham berishi lozim, deydi Istanbuldagi Qodir Hash universiteti eksperti.

"Turkiya gap bilan ham, amalda ham tashqi siyosatiga tuzatish kiritmoqda. Anqara Islomiy Davlatga nisbatan siyosatini qayta ko’rib chiqmasa, ittifoqchi davlatlar bilan gapi qovushmasligini anglab yetmoqda. Turkiyaning so’nggi to’rt yildagi har bir harakati uning dunyodagi obro’siga putur yetkazdi", - deydi O’zel.

Turkiyada prezidentning mavqei ramziy bo’lsa-da, Erdog’an kelasi yil yozida parlament saylovlari o’tmaguncha mamlakatni o’zi boshqarishini bildirgan.
Saylovlargacha bosh vazir lavozimini sobiq tashqi ishlar vaziri va Erdog’anning sodiq izdoshi Ahmat Dovuto’g’li bajarib turadi.

Prezidentning siyosiy taqdiri ungacha Dovuto’g’lining qo’lida bo’ladi. Parlament tizimidan prezident tizimiga o’tish uchun Erdog’an konstitutsion islohotga qo’l urishi lozim, buning uchun esa Dovuto’g’li boshchiligidagi hukmron “Adolat va taraqqiyot partiyasi” kelasi yilgi saylovlarda salmoqli g’alaba qilib, parlamentdagi o’rinlarning uchdan ikki qismini qo’lga kiritishi zarur. Partiya shu kungacha bunday natija ko’rsatmagan.

Biroq Marmara universitetida siyosatshunoslikdan dars beruvchi Yuksel Taskinning aytishicha, bosh vazir prezidentning qo’g’irchog’i bo’lmasligi ham mumkin.

"Dovuto’g’li jim o’tiradi, Erdog’anning aytganini qiladi deb o’ylamayman, chunki u 20 yildan beri bosh vazir bo’lishni orzu qilgan edi. Ikkinchidan, Dovuto’g’li Tashqi ishlar vazirligida ishlab yurgan paytida o’z kadrlarini tayyorlashga ulgurdi, ayrim yosh mutaxassislarning boshqaruv apparatida maslahatchi lavozimiga ko’tarilishiga yordamlashdi. Erdog’an kabi Dovuto’g’lini ham qo’llab-quvvatlovchilar anchagina", - deydi tahlilchi.

Ekspert Sinan Ulgen nazarida Erdog’an hokimiyatda qolishga intilar ekan, vaqt uning tomonida emas.

"Erdog’an hozirgi konstitutsiya doirasida prezidentlikka kirishdi. Bu hujjat bosh vazir hokimiyatini kuchayishi hisobiga prezidentnikini zaiflashtirishga qaratilgan", - deydi Ulgen.

Turkiya tarixida prezidentlikka kelgan arboblarning nufuz va qudratini qo’ldan boy berganiga misol ko’p. Xalqaro aloqalar bo’yicha mutaxassis Soli O’zelning aytishicha, yangi prezidentning oldingilaridan farqi shuki, Erdog’anning maqsadi aniq va “Adolat va taraqqiyot” partiyasida mavqei kuchli. Agar Erdog’an konstitutsiyani yangilay olsa, mamlakatda radikal o’zgarishlar uchun imkoniyatlar tug’iladi.

"Erdog’an asosiy hokimiyat bosh vazir emas, prezidentning qo’lida bo’lgan yangi respublika va’da qilmoqda va bu yangi respublikaning asosi islomiy bo’ladi. Buni oldin hech kim xayoliga ham keltirmagan", - deydi tahlilchi.

Biroq Prezident Erdog’an xavotirga o’rin yo’q, demoqda. Uning tanqidchilari esa vakolati oshgan prezidentni nazorat qilish mexanizmi yo’qolishini tashvish bilan tilga oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG