Erdog'an: Harbiylar isyoni muvaffaqiyatsiz yakunlandi

  • Amerika Ovozi

Isyondan norozi odamlar harbiylar yo'lini to'sib, tanklar ustiga chiqib oldi.

Isyondan norozi odamlar harbiylar yo'lini to'sib, tanklar ustiga chiqib oldi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an bir guruh harbiylarning davlat to'ntarishini amalga oshirishga bo'lgan urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlanganini e'lon qildi. Mamlakat to'liq hukumat nazoratida, dedi davlat rahbari.

Jumadan shanbaga o'tar kechasi poytaxt Anqara va Istanbul shaharlarida otishma va to'qnashuvlar davom etgan.

​Bosh vazir Binali Yildirim 16-iyul shanba kuni tushdan so'ng xalqqa murojaat qilib, bo'lib o'tgan hodisani "turk davlati uchun qora dog'" deb atadi.

"Voqeaning birinchi bosqichi tugadi", - dedi u.

Bosh vazir 3000 ga yaqin askar va ofitserlar hibsga olinganini va ularga tegishli jazo berilishini ta'kidladi.

Erdog'an o'tirgan samolyot shanba kuni ertalab Istanbul aeroportiga qo'ndi. U tarafdorlari oldiga chiqib, matbuot anjumani o'tkazdi. U yuz bergan hodisani "xalqiga qarata qurol ko'targan xoinlarning ishi" deb atadi.

"Ular xalqning qurolini xalqqa qarshi qaratdi. Bu hukumatni hokimiyatga xalq olib keldi. Biz xalq bilan birga ekanmiz, ular hech qachon muvaffaqiyatga erisha olmaydi", - dedi Erdog'an.

Qurolli kuchlar shtabi rahbari vazifasini bajarayotgan general Umit Dundarning aytishicha, jumadan beri 190 dan ortiq odam halok bo'lgan: ikki askar, 41 politsiyachi, 47 oddiy fuqaro hamda to'ntarish tashkilotchilari sifatida ko'rilgan 104 odam.

Hukumat binolari va harbiylar shtab-kvartirasini qo'riqlayotgan yuzlab askar hukumat kuchlariga taslim bo'lgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama Turkiyada harbiylarning davlat to'ntarishini amalga oshirishga urinishi yuzasidan bayonot chiqarib, barcha partiyalarni mamlakatning demokratik yo'l bilan saylangan hukumatini qo'llab-quvvatlashga chaqirdi.

Turkiyaning amaldagi hukumatga muxolif partiya va guruhlari ham davlat to'ntarishini qo'llab-quvvatlamasligini e'lon qildi.

Isyon ortida kim turgani haqida hali aniq ma'lumotlar mavjud emas. Qo'zg'olon yuz bergan dastlabki soatlarda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an "CNN Turk"ka telefon orqali intervyu berib, harbiylarning rahbariyatga bo'ysunmagan bir guruhi "parallel hukumat" bilan til biriktirib hukumatni ag'darishga uringanini aytdi.

"Parallel hukumat" nomi ostida ta'sirchan diniy ulamo Fathulloh Gulen tarafdorlari nazarda tutiladi. Gulen ayni paytda AQShda istiqomat qiladi. So'nggi paytlarda Gulen va Turkiya hukumati o'rtasidagi munosabatlar keskin sovuqlashgan.

Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim ham isyon yuz bergan ilk soatlarda bayonot berib, mamlakat harbiylarining bir qismi hukumatni ag'darish uchun "noqonuniy harakat"ga qo'l urganini aytdi. U bu haqda xususiy telekanallardan biriga gapirgan.

"Bu davlat to'ntarishimi?" deb so'ralgan savolga u, "To'g'ri, shunga harakat bo'ldi", deb javob bergan.

rkiya "demokratiyaga halaqit beradigan tashabbuslar"ning sodir bo'lishiga ruxsat bermaydi va bunga qo'l urganlar qattiq jazolanadi, dedi Turkiya bosh vaziri.

Turkiyaning Istanbul shahriga kirish va chiqish ko'priklari yopilgan. Shanba kuni ertalab bu yerdagi harbiylar taslim bo'lgani va hibsga olingani xabar qilinmoqda.

Mahalliy telekanallarda ko'rsatilgan tasvirlarga ko'ra, Istanbulning asosiy aeroporti atrofiga joylashtirilgan tanklar ham chekingan.

Prezident Erdog'an xalqni isyonga qarshi ko'chalarga chiqishga undashi bilan minglab odamlar mamlakat ko'chalarini to'ldirib, norozilik namoyishlarini boshlab yuborgan.

Video tasvirlarda ularning harbiylar yo'lini to'sgani, tanklar ustiga chiqib olgani, hatto ayrim joylarda askarlarni qurolsizlantirib qo'lga olgani ko'rinadi.

Parlament binosi va bir necha hukumat binolariga havodan zarba berilgan. Binolar jiddiy shikastlangan va qurbonlar bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG