Turkiya-O'zbekiston: Aloqalarda yangi sahifa?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Islom Karimov qabriga gul qo'ymoqda, Samarqand, O'zbekiston, 18-noyabr, 2016-yil.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Islom Karimov qabriga gul qo'ymoqda, Samarqand, O'zbekiston, 18-noyabr, 2016-yil.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog`an Samarqandda O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. So'ngra u muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan. O`zbekistondagi prezidentlik saylovi go`libi ilk Turkiyaga taklif qilingan.

Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev va Toyib Erdog`an uch soatga yaqin yuzma-yuz muloqotda bo`lgani, tomonlar turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qilgani aytilmoqda. Turkiya hamkorlikni rivojlantirishga oid oktabr oyida taqdim qilingan dastur bo`yicha O`zbekiston takliflarini kutayotganini bildirgan.

Mirziyoyev hamrohligida Samarqandda Islom Karimov qabrini ziyorat qilgan Turkiya rahbari Karimov vafoti munosabati bilan yana bir bor O`zbekiston xalqiga o`z hamdardligini bildirgan va dafn marosimida bevosita ishtirok etishga imkoniyati bo`lmaganidan taassuf bildirgan.

O`zbekiston-Turkiya muzokaralaridan ma`lum bo`lishicha, oktabr oyida Toshkentda bo`lgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Murod Chovusho`gli O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuvda tomonlar o`rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha dastur “yo`l xaritasini” taqdim etgan. Erdog`anning aytishicha, Turkiya ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bu dastur bo`yicha O`zbekistonning takliflarini kutmoqda. U o`zaro hamkorlikda boy berilgan imkoniyatlar tez fursatlarda to`ldirilishiga umid bildirgan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an va O'zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haqqiga duo qilmoqda, Samarqand, O'zbekiston, 18-noyabr, 2016-yil.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an va O'zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haqqiga duo qilmoqda, Samarqand, O'zbekiston, 18-noyabr, 2016-yil.

Shavkat Mirziyoyev mehmonga Islom Karimov qabri ziyorati uchun minnatdorlik bildirgan, o`zaro qardoshlik aloqalarini hamkorlik bilan mustahkamlash zaruriyati, Turkiyaning xalqaro miqyosdagi muvaffaqiyatlari haqida gapirgan.

O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi oliy darajadagi uchrashuv so`nggi bor 2003-yilda kuzatilgan. Erdog`an Turkiya bosh vaziri bo'lgan davrga to`g`ri kelgan bu tashrif ortidan ham ikki o`rtadagi munosabatlar iliqlashmadi, aksincha, yanada sovuqlashdi. Erdog'anning navbatdagi tashrifi O`zbekistonni 27 yil boshqargan Islom Karimov vafoti, mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan kuzatilmoqda.

Sharhlovchilar O`zbekiston -Turkiya aloqalari istiqboliga ehtiyotkorlik bilan yondashishadi. Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy aloqalar rivojiga muhim ahamiyat qaratayotgan pragmatik rahbar sifatida e`tirof etilayotgan bo`lsa, boshqa tomondan rasmiy Toshkent o`zbek muxolifatiga boshpana bergan Turkiyaga nisbatan xavotirlaridan to`la xalos bo`lmagani aytilmoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan mustaqil jurnalist Ulug`bek Haydarovga ko`ra, O`zbekiston-Turkiya aloqalarida yangi sahifa ochilishi hozirgi vaziyatda shubhali ko`rinadi.

“Bu tabiiy jarayon, O`zbekiston taxtiga yangi odam keldi, Erdog`an ham o`z manfaatlariga ko`ra munosabatlarni yangilamoqchi. Bilishimcha, aloqalar asosan savdo-sotiq bo`yicha rivojlantirilmoqchi. Lekin Mirziyoyevning xarakteridan kelib chiqsak, bunga avvaliga yo`l beriladi, turk ishbilarmonlari borib qandaydir ishlar qilishar, lekin keyinchalik hammasi qaytalanishi, ularning bizneslari musodara qilinishi ham mumkin. Toshkent aloqalarni rivojlantirish evaziga, albatta, o`zining shartlarini qo`yadi. Deylik, Turkiya ichidagi o`zbek muxolifatini cheklashni, ularni chiqarib yuborishni ham talab qilishi mumkin. Lekin bunga Erdog`anning hokimiyati qanchalik rozi bo`ladi, buni vaqt ko`rsatadi”, - deydi jurnalist.

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an (chapda) O'zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an (chapda) O'zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan

Yozuvchi Safar Bekjon nazarida Turkiya - O`zbekiston aloqalaridagi yangi sahifa siyosiy liderlar bayonotlariga emas, o`zaro qardosh xalqlar o`rtasidagi madaniy, ma`rifiy va tarixiy aloqalar tiklanishiga bog`liq.

“Turkiya va O`zbekiston o`rtasida mazhablar, tariqatlar, din hammasi bir xil. Buni e`tiborga olsak, Turkiyadagi diniy erkinlik O`zbekistonga qanday ta'sir qiladi? O`zbekistonda bu diniy erkinlikka dushmanlik nazari bilan qarashadi, buni Erdog`an qanchalik hazm qiladi? Ertaga o`zaro siyosiy-iqtisodiy hamkorlikka o`tilsa, diniy masala qanday bo`ladi? Bu narsalar hal qilinmasa, munosabat sovuq qolaveradi. Jamiyatlar yaqinlashmas ekan, siyosiy bayonotlar ahamiyatsiz”, - deydi u.

Erdog`anning O`zbekistonga safari oldidan noyabr oyining boshlarida muxolifatdagi O`zbekiston Xalq harakatining Turkiyada rejalangan qurultoyi bekor qilindi. Harakatning o`zi buni Turkiyada favqulodda vaziyat kuchda qolayotgani bilan izohladi.

13-noyabr kuni aksariyati o`zbekistonliklardan iborat Turkiyadagi “Turkistonliklar jamiyati” Istanbulda navbatdan tashqari qurultoy o`tkazgan, O`zbekistonda hokimiyat almashishi munosabati bilan muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyevni siyosiy va diniy islohotlar o`tkazishga chaqirgan edi.

Turkiya Prezidenti Toyib Erdog`anning O`zbekistonga safari 17-noyabrdan boshlandi. Samarqanddagi aeroportda uni Bosh o`rinbosari Adham Ikromov kutib oldi. Tashrifga oid rasmiy muzokaralarning asosiy qismi 18-noyabr kuni bo'lib o'tdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG