Qirg’iziston rasmiylari millatchilik borligini tan oldi


Qirg’iziston rasmiylari millatchilik borligini tan oldi

Qirg’iziston rasmiylari millatchilik borligini tan oldi

Qirg’iziston Milliy xavfsizlik qo’mitasi rahbari Shamil Ataxanov yaqinda parlamentda qilgan nutqida “mamlakatda 29 millatlararo ziddiyat nuqtasi mavjud” dedi.

Ichki ishlar vazirligi tayyorlagan xaritada ham bu kabi adovat ehtimoli bor 147 joy ko’rsatilgan.

Mazkur idoralar millatlararo nizo bor gap, bunday manzillar mana, deb rasman birinchi bor chiqishi. Bu hol jamoatchilik e’tiborini tortgan, chunki shu paytgacha rasmiylar buni odatiy bezorilik, deb baholab kelgan.

Bishkekdagi “Tinchlik qurish markazi” jamg’armasi boshlig’i, taniqli konfliktolog Indira Raimberdiyeva nazarida bu ijobiy ko’rinish.

“Menimcha, hokimiyat muammoni yechish payti kelganini tushundi. Buning uchun esa uni tan olish kerak. Jiddiy siljish bu”, - deydi ekspert.

Kuni-kecha inson huquqlari bo’yicha respublika kengashi rahbariyatga murojaat qilib, zo’ravonlik mohiyati va ko’lami kengayib borayotganidan tashvish bildirgan.

Jalol-Obod shahridagi “Spravedlivost” (Adolat) jamoatchilik jamg’armasi xodimi Abdumalik Sharipov fikricha, huquq-tartibot tizimlari xulosalarida asos bor.

“Buni bilib turish maxsus xizmatlarning vazifasi. Bizning Ola-Buqada, Botkenda ham noxush voqealar sodir bo’ldi. Jalol-Obod viloyatiga to’xtalsak, Bozor-Qo’rg’on tumanida ahvol yaxshi emas, odamlarning dardi ichida. Chunki aksar muammolar yechilmagan”, - deydi Sharipov.

Har ikki suhbatdoshning etnik adovatni yumshatish, to’qnashuvlar oldini olish borasida chora-tadbirlardan ko’ngli to’lmaydi.

Qirg’iziston rasmiylari millatchilik borligini tan oldi

Qirg’iziston rasmiylari millatchilik borligini tan oldi

“Millatchilik asosida to’polon matbuotga tushib qolsagina davlat qandaydir harakat bo’shlayapti. O’shanda ham bu oddiy bezorilik, yoshlar orasidagi janjal, deb baholanayapti”, - deydi jalol-obodlik mutaxassis.

Uningcha, elatlar borasida davlat pozitsiyasi yo’q. 2010-yil davlat konsepsiyasi ishlab chiqilgan; huddi o’sha payt “Ata Jurt” partiyasi o’z qarashini olg’a surdi. Bu ikki hujjat osmon bilan yerday farq qiladi.

“Prezident ma’muriyati tayyorlagan konsepsiyaga mutaxassislar yaxshi baho berdi, xalq assambleyasining qurultoyida ham ijobiy natija ko’rindi. Afsuski, bu tushuncha haligacha rasman qabul qilinmagan. Hozir, aksincha, millatchilik ruhi kuchaymoqda”, - deydi u.

O’tgan yili prezident Roza Otunbayeva tashabbusi bilan etnik taraqqiyot dasturi ishlab chiqilgan edi; mahalliy nodavlat tashkilotlar xalqaro hamkorlar ko’magida loyihalarni amalga oshirmoqda.

Raimberdiyeva bu amaliyotdan uncha samara kutmaydi.

“Turfa madaniyatlar konsepsiyasi G’arbda ham yaxshi ishlamadi. Ochig’ini aytsam, xalq diplomatiyasi, tolerantlik bo’yicha mashqlar - hammasi tashqi ko’rinish va bizning o’zligimizdan yiroq”, - deydi suhbatdosh.

Mutaxassis fikricha, millatlar aloqasini yo’lga solish uchun mavjud muammolarni jamiyatda ochiq-oydin muhokama qilishni o’rganish kerak. Elatlararo munosabatga yondashuvni, ko’rilayotgan amaliyotni tubdan qayta ko’rib chiqish zarur.

“Turli darajada, har xil sinflar orasida muloqot bo’lsa, yaxshi edi”, - deydi Raimberdiyeva.

Jalol-obodlik inson huquqlari himoyachisi Sharipov so’zlariga ko’ra, muammolarni yechish uchun, birinchidan, huquq-tartibot va boshqa davlat tizimlarida adolat hukm surishi darkor.

“Millatidan qat’iy nazar, aybdor odam jazosini olsin. Bizining tashkilot ham ma’rifiy ishlarni olib bormoqda. Ammo masalaga davlat yondashmasa, jiddiy samara bo’lmaydi”, - deydi u.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG