Breaking News

Yevropada yangi chegara xizmati ishga tushdi


Migratsiya bo'yicha mutasaddilar yangi tuzilgan chegara xizmatini ittifoqning yutug'i deya olqishlayapti.
Migratsiya bo'yicha mutasaddilar yangi tuzilgan chegara xizmatini ittifoqning yutug'i deya olqishlayapti.

Yevropa Ittifoqi sarhadlar mudofaasi bilan mashg'ul maxsus chegara xizmatini joriy etdi.

Oxirgi yillarda millionlab qochqin va muhojirlar mintaqaga oqib kelishi ortidan ko'rilayotgan chora bu. Biroq tanqidchilar nazarida jahonda son mingta odam uy-joyini tashlab qochayotgan bir paytda Yevropa bu odamlarga panoh berishi lozim.

Yevropa muhojirlar tanazzuliga yechim izlayapti.

Migratsiya bo'yicha mutasaddilar yangi tuzilgan chegara xizmatini ittifoqning yutug'i deya olqishlayapti.

"Yevropa chegara va sohil xizmati tashabbusi to'qqiz oy oldin olg'a surilgan edi. Mana, qisqa vaqt ichida amalga oshdi. Yevropa ahli shuni talab qilgan edi", - deydi ittifoq migratsiya rasmiysi Dimitris Avramopolos.

Yevropa rahbarlari chegara xizmati Shengen zonasida xavfsizlikni ta'minlashga yordam beradi degan umidda. 26 davlatni o'z ichiga olgan bu hududda odamlar bemalol mamlakatdan mamlakatga o'ta oladi. Ayrim davlatlar muhojirlar oqimini to'xtatish uchun sarhadlarni qayta tiklagan.

Tanqidchilar nazarida Yevropa majburiyatdan qochayapti.

Dunyoning eng badavlat o'lkalari qochoqlarning eng kam, 10 foizini qabul qilmoqda, deydi Xalqaro Amnistiya vakili Gauri Van Gulik. Bu hol o'zgarishi kerak. Chegara xizmati bilan emas, siyosiy idora bilan hal qilinadigan ish, deydi u.

Joriy 2016-yilda Yevropaga 300 ming muhojir kelgan. Yil boshida ittifoq Anqara bilan kelishuv imzolaganidan beri Turkiya orqali qochoqlar oqimi ancha kamaygan.

"Millionlab qochoqlarni Turkiya ixtiyoriga tashlab qo'yishdi. Gretsiya, Italiya chegaralaridan o'tkazmay qo'yishdi. Odamlar g'ayriinsoniy bir sharoitda yashamoqda", - deydi Xalqaro Amnistiya rasmiysi.

Yevropa rasmiylari chegara xizmati inson huquqlarini hurmat qiladi deya ishontiradi. Biroq ittifoqda tinchlikni ta'minlash uchun chegaralar mudofaa qilinishi kerak, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG