Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Bishkekda muzokaralar olib bordi

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati uchun mas'ul Ketrin Eshton bugun Bishkekda bo’lib, Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari yig’ilishida qatnashdi. Eshton O’zbekiston, Tojikiston va Qozog’istonda ham bo’ladi.

Eshton xonimning aytishicha, majlisda maorif, ayollarning jamiyatdagi roli, qonun ustuvorligi, atrof-muhit muhofazasi, xavfsizlik va energetik masalalar muhokama qilingan.

Yetakchi diplomat Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambayev bilan muloqot qilgan. Unda Eshton xonim respublikada demokratiya qaror topmoqda va blok buni olqishlaydi degan. Rasmiy fuqaro erkinliklari va etnik hamjihatlikka ham urg'u bergan.

Yevropa Ittifoqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishni xohlaydi va bu boradagi imkoniyatlar ko'rib chiqilmoqda, deydi Eshton xonim.

U Bishkekda fuqaro jamiyati faollari bilan ham uchrashgan. Huquq himoyachilari qamoqdagi qiynoqlar va etnik kamsitilishlar haqida gapirgan. Adliya tizimidagi muammolar tilga olingan. Yevropa bosh diplomati Qirg'iziston rasmiylari bilan muzokarada bu masalalarga to'xtalib, ittifoq vaziyatni yaxshilash uchun yordamga tayyor, deya qayd etgan.

Ketrin Eshtonning O’zbekistonga safari arafasida inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti unga murojaat qilib, Toshkentdagi uchrashuvlari chog’ida siyosiy mahbuslar masalasini ko’tarib, prezident Karimovga ularni ozod etish talabini qo’yishni so’ragan.

Parijda yashayotgan taniqli huquq himoyachisi Mo’tabar Tojiboyeva nazarida, Yevropa Ittifoqi mintaqa bilan aloqalarni shunday tarzda mustahkamlashi kerakki, demokratik o’zgarishlar tomon yo'l ochilsin.

Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kengaytirishga ahd qilgan Yevropa Ittifoqi mintaqada inson huquqlariga e’tiborni kuchaytirishi lozim, deydi faol.


Ketrin Eshtonning tashrifi suratlarda:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG