Breaking News

Markaziy Osiyo ahli Yevropa Ittifoqidan nima kutmoqda?


Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik bo’yicha oliy vakili Ketrin Eshton (Catherine Ashton) bu hafta Bishkekda mintaqa davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, hamkorlikni kengaytirish xususida gaplashdi.

Xo’sh, bu borada qanday imkoniyatlar bor? To’siqlar-chi?

Yevropa-Markaziy Osiyo hamkorligi/Ulug'bek Sokin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:02 0:00
Yuklab oling

Ketrin Eshton xonimning Bishkekdagi uchrashuvlarida mintaqaviy hamkorlik haqida so’z bordi. Asosiy masalalardan biri suv energetikasi borasidagi hamkorlik.

Yevropa mamlakatlari energetikaning turli manbalaridan foydalanishda katta tajribaga ega. Diplomatning aytishicha, ittifoq ushbu tajriba bilan bo’lishishga tayyor.

Qirg’izistonlik siyosatshunos, sobiq davlat kotibi Ishenbay Abdrazaqov fikricha, Markaziy Osiyo mintaqasining ahamiyati oshdi. Buning sabablaridan biri Afg’oniston bilan chegaradosh ekanidir.

“Tabiiyki, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda vaziyat qanday rivojlanishiga qiziqish bilan qaraydi. Bu o’rinda imkon qadar ayrim masalalarning yechilishiga hissa qo’shishga intilmoqda. Albattam Eshton xonim tomonidan berilgan taklif-mulohazalardan unumli foydalanish maqsadga muvofiq”, - deydi u.

Suhbatdoshga ko’ra, Yevropa suv resurslaridan, elektr quvvatining turli manbalaridan foydalanish masalasida o’z tajribasiga ega. Ayni paytda Markaziy Osiyodagi vaziyatning o’zgachaliklari bor.

“Ne bo’lsada, ularning tajribasini o’rganish va keragini, maqsadga muvofig’ini, tomonlarni qondiradiganini olish mumkin”, - deydi Qirg’izistonning sobiq davlat kotibi Ishenbay Abdrazaqov.

Xalqaro tashkilotlardan birining Qirg’izistondagi vakolatxonasi xodimi Sanjar Azimjonovning aytishicha, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda Yevropa Ittifoqi birinchi navbatda konsultativ ishlarni olib borishi mumkin.

“Yevropa davlatlari o’z tajribalari bilan, o’zlarida sinalgan yangi texnologiyalar yordamida mintaqa davlatlariga suvdan to’g’ri foydalanishni, yangi energiya manbalaridan elektr quvvatini qanday ishlab chiqarish yo’llarini o’rgatsa bo’ladi. Bu kabi loyihalar bilan kelsa, yaxshiroq bo’ladi. Unchalik katta bo’lmasa ham, aytaylik, qishloq xo’jaligi, chorvadorlik borasida loyihalar amalga oshirilishi, menimcha, maqsadga muvofiq. Ayni paytda Markaziy Osiyoda bir qancha yechilmagan dolzarb masalalar mavjud, masalan chegara. Yevropa Ittifoqi davlatlari bu kabi muammolarni o’z hududlarida yechgan bo’lsa, biz bilan tajribasi, mutaxassislari bilan almashsa yaxshi bo’lardi”, - deydi Sanjar Azimjonov.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, so’nggi 15 yilda Yevropa Ittifoqi Qirg’izistonga 450 million yevro miqdorida yordam ko’rsatgan. Mablag’ asosan ijtimoiy masalalarni yechish hamda mamlakat byudjetini to’ldirishga yo’naltirilgan.

Mulozimlarning aytishicha, joriy yil Yevropa va Qirg’iziston o’rtasida savdo-sotiq ko’lami 42 foizga oshib, 433 million dollarni tashkil etgan.

Tadqiqotchilar nazarida, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish yo’lida nafaqat tajriba, balki mutaxassislarni tayyorlash, boshqaruvni takomillashtirish yo’nalishlarida faolroq ko’mak ko’rsatishi darkor. Ittifoq ayrim masalalarda vositachilik imkoniyatlarini ham ishlatsa bo’lar edi, deydi mutaxassislar.

Qirg’iziston va blok o’rtasidagi iqtisodiy aloqalarga kelsak, hozircha tomonlar yirik loyihalarga kirishmagan. Asosiy to’siq sarmoyalar yaxshi muhofaza etilmaganida.

“Buning uchun o’lkada ijobiy investitsion muhit yaratish lozim. Qonun ustuvorligini, bahsli masalalar adolatli yechilishi ta’minlanishi kerak, korrupsiya jilovlanishi darkor, toki sarmoyador bu o’lkada ishlay olishini bilsin”, - deydi siyosatshunos Ishenbay Abdrazaqov.

Suhbatdoshlar nazarida, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o’rtasida hamkorlik imkoniyatlari talay. Ammo hozircha bu imkoniyatlardan samarali foydalanilmoqda deyish qiyin.

Eshtonning Toshkentga safari suratlarda:



Eshtonning Bishkekka safari suratlarda:



Eshtonning Dushanbega safari suratlarda:

XS
SM
MD
LG